Stalin saqlangan zindon ta’mirlanmoqda
Olam
−
27 aprel 10014 2 daqiqa
Ozarbayjonning Lenkoran shahridagi tarixiy ahamiyatga ega me’moriy ob’ekt – SSSRni qariyb 30 yil boshqargan Iosif Stalin saqlangan Zindon qal’asini tiklash ishlari boshlandi. Bu haqda “Oxu.az” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qayta tiklash ishlari Ozarbayjon Madaniyat vazirligi buyurtmasi asosida, madaniy merosni muhofaza qilish xizmati nazoratida olib borilmoqda.
Ta’mirlash bir necha yil avval binoning tom qismi qulab tushgani va oqibatda qal’a avariya holatiga kelib qolgani sababli boshlangan.
Mazkur qal’aning balandligi 20 metr, diametri 72 metr bo‘lib, undan turli davrlarda turlicha maqsadlarda foydalanilgan. 1869–1959 yillarda u qamoqxona sifatida ishlatilgan va “Zindon qal’asi” nomini olgan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, XX asr boshlarida bu yerda Iosif Stalin ham saqlangan. U 1903–1904 yillarda hukumat pullarini olib ketayotgan poyezdni talon-toroj qilish ishi bo‘yicha hibsga olingan va keyinchalik safdoshlari yordamida qochib ketgan.
Qamoqxona aslida 140 kishiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, amalda 310 nafargacha mahbus saqlangan. Ular qal’aga yerosti yo‘li orqali olib borilgan, biroq keyinchalik yerosti suvlari sabab, bu yo‘l yaroqsiz holga kelib qolgan. Binodan 1970–1990 yillarda tikuv fabrikasi sifatida ham foydalanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Shimoliy Reyn – Vestfaliya yeridagi Hamm shahrida joylashgan Ikkinchi jahon urushi davriga oid bunker majburiy auksionga qo‘yilgandi.
Live
Barchasi