Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinadi
Jamiyat
−
12 may 2100 4 daqiqa
O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning o‘rniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi. Bu haqda bugun, 12 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mamlakatda oziq-ovqat ta’minotini barqarorlashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan. Bugungi kunda 4 million gektar ekin maydoni, 1,5 million tonna sig‘imga ega saqlash omborlari va 3,5 million tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatlari aholini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, 4 milliard dollarlik mahsulot eksport qilish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston 2030 yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 10 milliard dollarga yetkazish, eksport geografiyasini yana 100 ta davlatga kengaytirishni maqsad qilgan. Yig‘ilishda ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlangan.
Hozirga qadar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shug‘ullanib kelmoqda. Oqibatda sanitariya, veterinariya va karantin organlari o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi shakllanmagan, ayrim vazifa va funksiyalar bir-birini takrorlamoqda. Bu esa tadbirkorlarning eksport va import jarayonlarida ortiqcha ovoragarchilikka duch kelishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘simliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qo‘mitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa va funksiya mavjudligi, shu bilan birga, mahsulotni “yetishtirishdan iste’molchigacha” kuzatib borish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatib o‘tilgan.
Eksportda ham hal etilishi zarur bo‘lgan masalalar bor. Xususan, Yevropa Ittifoqi tomonidan mamlakat mahsulotlarida pestitsid qoldiqlari bo‘yicha 25 ta ogohlantirish berilgani qayd etilgan. Bu xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish uchun mahsulot xavfsizligini nazorat qilish tizimini tubdan o‘zgartirishni talab qiladi.
Amalda nazorat idoralari tomonidan faqatgina yakuniy mahsulotni tekshirish bilan chegaralangani, ishlab chiqarish zanjirida oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini kafolatlovchi xalqaro standartlarni joriy qilishga yetarlicha e’tibor qaratilmagani qayd etilgan.
Shu munosabat bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasini chuqur isloh qilish va xalqaro talablarga mos yagona markazlashgan tizim yaratilishi belgilangan.
Unga muvofiq, “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida barcha nazorat jarayonlarini qamrab oladigan Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi. U O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi va Sanepidqo‘mitaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishi negizida negizida shakllantiriladi.
Yangi tizimda eskirgan, tadbirkor faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan tekshiruvlardan voz kechiladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinib, uning o‘rniga xavfga asoslangan nazorat va tekshiruv tartibi joriy etiladi.
Bugungi kunda respublikadagi 80 mingta ob’ektdan faqat 1,6 mingtasida, ya’ni 2 foizida bunday tartib qo‘llanilmoqda. Endilikda xavfli mahsulotlar to‘g‘risida tezkor xabar berish va ularni qaytarib olish bo‘yicha elektron tizim yaratiladi.
2029 yil 1 yanvardan boshlab meva-sabzavot eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi. Eksport salohiyati yuqori yirik oziq-ovqat korxonalarini xalqaro xatarlar tahlili standarti va Alimentarius kodeksi talablariga o‘tkazish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu ko‘rsatkich 2028 yilgacha 20 foizga, 2030 yilgacha 60 foizga, 2032 yilgacha esa 100 foizga yetkaziladi.
Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 20 ta tumanda ichki fitosanitariya sertifikatini rasmiylashtirishga ko‘maklashuvchi jamoatchi inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bundan buyon meva-sabzavot eksporti statistikasi mahsulot qaysi hududda yetishtirilgan bo‘lsa, o‘sha hududda hisobga olinadi.
2027 yildan boshlab laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash, dezinfeksiya va identifikatsiya qilish kabi 6 ta davlat funksiyasi xususiy sektorga beriladi. Viloyat hokimlariga yil yakunigacha ushbu xizmatlar bo‘yicha kamida 2 tadan xususiy laboratoriya va veterinariya klinikasini tashkil etish topshirildi.
Har bir mahsulot bo‘yicha onlayn kuzatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Fermer va dehqonlar uchun “Agro ko‘makchi” mobil ilovasida elektron “Dala daftari” tizimi joriy etiladi. Mazkur tizim orqali sun’iy intellekt zararkunandalar tarqalishini oldindan bashorat qilib, dehqonlarga zarur tavsiyalar beradi.
Faol va halol ishlayotgan fermerlar reytingi yuritiladi va ularga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. 2027 yil 1 martgacha oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha yagona avtomatlashgan axborot platformasi ishga tushiriladi. U chegaradagi “Yagona darcha” tizimi bilan integratsiya qilinib, eksportchilar ortiqcha byurokratik jarayonlardan ozod etiladi.
Yangi tizim orqali importda nazorat vaqti 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kungacha qisqartirilishi belgilandi. Buning hisobiga tadbirkorlarning mahsulotni omborda saqlash xarajatlari 70 milliard so‘mga tejaladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili Azizbek Allaberganovich O‘runov o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangandi. Shuningdek, Orif Aliboyevich Bo‘tayev O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi.
Live
Barchasi