Dunyoda har yili qariyb 1 mlrd tonna oziq-ovqat chiqindiga tashlanadi
Bu qiziq
−
28 mart 2331 2 daqiqa
Har yili dunyoda taxminan 1 milliard tonna oziq-ovqat mahsulotlari – jami oziq-ovqatning qariyb beshdan bir qismi tashlab yuboriladi. Bu ham insonlarga, ham atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotida keltirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oziq-ovqat chiqindilarining qariyb 60 foizi uy xo‘jaliklarida hosil bo‘ladi. Qolgan qismi umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalariga to‘g‘ri keladi, bu esa ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’molni o‘z ichiga olgan oziq-ovqat tizimlarining samarasizligi oqibatidir. Muammoni hal qilish uchun ushbu tizimlarni qayta loyihalashtirish, samaradorlik va ekologik tozalikka asoslangan barqaror, siklik (aylanma) yondashuvga o‘tish zarur.
Har yili 30 mart kuni Xalqaro chiqindisiz dunyo kuni nishonlanadi. 2022 yilda 105 ta davlat ushbu rezolyutsiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqan. Muammoni hal qilish uchun hukumatlar oziq-ovqat chiqindilarini kamaytirish choralarini iqlim va biologik xilma-xillik bo‘yicha strategiyalarga kiritishlari mumkin.
Xususiy sektor esa yo‘qotishlarni o‘lchashni va ularni kamaytirish choralarini ko‘rishni boshlashi mumkin. Bu quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Oziq-ovqat chiqindilari bo‘yicha hisobotlarni yaxshilash;
- Yetkazib berish zanjiri samaradorligini oshirish;
- Chakana savdo tarmoqlarini qayta loyihalash;
- Ortiqcha oziq-ovqatlarni shaffof va siklik biznes modellari orqali qayta taqsimlash.
Iste’molchilar esa ovqatlanishni yaxshiroq rejalashtirishi, ongli ravishda xarid qilishi, mahsulotlarni to‘g‘ri saqlashi va sotib olingan mahsulotlardan to‘liq foydalanishi (qo‘shnilar bilan bo‘lishish, qolgan ovqatlarni qayta ishlatish va organik chiqindilardan kompost tayyorlash) mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi mojaro ochlikdan aziyat chekuvchilar sonining 45 million kishiga ko‘payishiga olib kelishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi