“Ozodlik” radiosining yashab qolishi uchun 5,5 mln yevro ajratildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi (YeI) “Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi” (RFE/RL) faoliyatini davom ettirish uchun 5,5 million yevro ajratadi. Bu haqda kecha, 20 may kuni YeIning Tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, YeIga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari “Ozodlik radiosi”ning “hayotiy muhim ishini” qo‘llab-quvvatlash uchun 5,5 million yevrolik shartnoma tuzishga kelishib olgan. Kallas bu mablag‘ni qisqa muddatli “favqulodda moliyaviy yordam” deb atagan va uni mustaqil jurnalistikani saqlab qolish uchun “xavfsizlik tarmog‘i” deb izohlagan.

Ma’lumot uchun, “Ozodlik” radiosi sovuq urush davrida efirga chiqa boshlagan. Uning dasturlari Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi 23 mamlakatda 27 tilda, jumladan o‘zbekchada translyatsiya qilinadi. O‘zbek xizmati 1992 yining 16 mart kuni Germaniyaning Myunxen shahrida o‘z faoliyatini boshlagan. Tashkilot bosh qarorgohi AQSH poytaxti Vashingtonda joylashgan bo‘lsa, YeIning moliyaviy yordam izlashdagi sa’y-harakatlariga boshchilik qilayotgan jurnalistlar idorasi esa Chexiyada.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida AQSH Global ommaviy axborot vositalari agentligi (USAGM) “Ozodlik”ni moliyalashtirishni to‘xtatgan edi. Bu qaror Prezident Donald Trampning davlat xarajatlarini qisqartirish siyosati doirasida qabul qilingan. Oy yakunida USAGM bu qarorni bekor qilgan bo‘lsa-da, tez orada rus tilidagi “Nastoyaeye vremya” telekanalini translyatsiya qilayotgan ikki sun’iy yo‘ldosh operatori – Astra va Eutelsat bilan shartnomalarni bekor qildi. 15 apreldan boshlab “Ozodlik” radiosining rus xizmati 1386 kGts chastotadagi o‘rta to‘lqinli efirni to‘xtatdi.

Kallas YeI tashkilotning butun dunyo bo‘ylab xarajatlarini to‘liq qoplay olmasligini tan oldi, biroq qo‘shni bo‘lgan va tashqi yangiliklarga qattiq bog‘liq bo‘lgan mamlakatlarda faoliyat yuritishiga yordam bera olishini bildirdi. U, shuningdek, YeIning 27 a’zo davlati kelajakda “Ozodlik radiosi”ni uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq mablag‘ ajratishiga umid bildirdi.

O‘zbekiston Hukumati 2005 yilda sodir bo‘lgan Andijon voqealari ortidan “Ozodlik” radiosining akkreditatsiyani bekor qilgan. O‘shandan buyon, ikkinchi ma’muriyat davrida ham “Ozodlik” radiosining mamlakat ichida faoliyat yuritishiga ruxsat berilmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Evropa Ittifoqi Ozodlik radiosi Kaya Kallas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing