Paketa Braziliya jamoasiga o‘tdi

Sport

image

Braziliya terma jamoasi va “Vest Xem” klubi yarim himoyachisi Lukas Paketa o‘zining bolalikdagi jamoasi – “Flamengo”ga qaytdi. Bu haqida har ikki klub matbuot xizmati ma’lum qildi.

Transferning moliyaviy tafsilotlari oshkor etilmadi. Biroq, Britaniya OAVlarining xabar berishicha, “Vest Xem” 28 yoshli braziliyalik futbolchi uchun 41 million yevrodan (49 million AQSH dollari) ortiq taklifni qabul qilgan.

“Uyga qaytganimdan juda xursandman. Klub prezidenti Luis Eduardo Baptista, “Flamengo” va albatta buni amalga oshirishga hissa qo‘shgan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, deydi futbolchi.

Ma’lumot uchun, Paketa joriy yil iyul oyida Angliya futbol assotsiatsiyasi tomonidan olib borilgan uzoq davom etgan tergovdan so‘ng to‘rtta qoidabuzarlik ayblovidan to‘liq oqlangan edi. Umrbod diskvalifikatsiya xavfi ostida qolgan futbolchi barcha ayblovlarni qat’iyan rad etgan.

“Lukas shaxsiy va oilaviy sabablarga ko‘ra, ikki yil davom etgan tergovdan oqlanganidan so‘ng Braziliyaga qaytib, faoliyatini yangidan boshlash istagini aniq bildirdi. Ushbu vaziyat unga jiddiy ruhiy bosim o‘tkazgan”, deyiladi “Vest Xem” bayonotida.

Shuningdek, klub rahbariyati va bosh murabbiy Nunu Eshpiritu Santu futbolchini jamoada olib qolish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solganiga qaramay, Paketaning ketish istagi qat’iy bo‘lgani sababli transferga rozi bo‘lingani ta’kidlandi.

Ma’lumot uchun, Lukas Paketa 2022 yilda Fransiyaning “Lion” klubidan “Vest Xem”ga o‘tgan edi. Futbolchining London klubi bilan shartnomasi 2027 yilga qadar amal qilishi kerak edi. U London klubi safida 139 ta o‘yinda maydonga tushib, 23 ta gol va 15 ta golli uzatma muallifiga aylandi.


Maqola muallifi

Teglar

Braziliya “Flamengo” “Vest Xem” Lukas Paketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing