Patriot nima va nega Ukraina unga shunchalik muhtoj?
Olam
−
15 iyul 12473 4 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Patriot raketa tizimlari berilishini e’lon qilgach, kecha-yu kunduz Rossiyaning bombardimonlaridan aziyat chekayotgan Kiyevda bu xabar mamnuniyat bilan qarshi olindi.
Prezident Vladimir Zelenskiy so‘nggi haftalarda Moskva tomonidan Ukraina shahar va qishloqlariga yuborilayotgan dron va raketalar soni rekord darajada ortgani uchun Patriot tizimlarini bir necha marta so‘ragan. Biroq Trampning bayonotida aniq tafsilotlar kam, Ukrainaga nechta tizim berilgani, ular qachon yetib boradi va kim tomonidan taqdim etilishi kabi muhim savollar hali javobsiz.
Bu nufuzli AQSH raketa mudofaa tizimi haqida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlar esa quyidagicha:
Yuqori toifadagi mudofaa
Patriot, to‘liq nomi “Phased Array Tracking Radar for Intercept on Target”, AQSH qurolli kuchlarining asosiy raketa mudofaa tizimidir. Yaqinda bu tizim o‘z samaradorligini yana bir bor isbotladi – Qatardagi AQSH harbiy-havo kuchlariga tegishli Al-Udeyd bazasiga yo‘llangan 14 ta Eron raketasining 13 tasi aynan Patriot tomonidan yo‘q qilindi.
Patriot’ning eng so‘nggi modellari qisqa masofali ballistik raketalar, qanotli raketalar va dronlarga qarshi 15 km balandlikda va 35 km masofada kurash olib borish qobiliyatiga ega. Mutaxassislarning aytishicha, bitta Patriot batareyasi 100 dan 200 km² gacha hududni qamrab olishi mumkin – bu hududdagi rel’ef va boshqa shart-sharoitlarga bog‘liq. Lekin, umumiy maydoni 603 ming km² bo‘lgan Ukraina uchun bu juda kichik hudud hisoblanadi. Shu bois Kiyev bir nechta yangi Patriot batareyalariga muhtoj.
Bitta batareya 6-8 ta raketa uskunasi (har biri 16 ta perexvatchikni oladi), fazaviy antennali radar, boshqaruv stansiyasi va energiya manbasidan iborat bo‘lib, hammasi yuk mashinalari va treylerlarda joylashtiriladi.
Patriot batareyasini taxminan 90 nafar harbiy xizmatchi boshqaradi, biroq jang vaqtida faqat 3 nafar jangchi nazorat markazida tizimni boshqarishi kifoya.
Qimmatbaho texnologiya
CSIS ma’lumotlariga ko‘ra, Patriot batareyasining to‘liq jihozlangan narxi bir milliard dollardan oshib ketadi.
Bitta perexvatchik raketa taxminan 4 million dollarga tushadi. Bu esa narxi 50 ming dollar atrofida bo‘lgan arzon Rossiya dronlariga qarshi foydalanishni noqulay qiladi. Xususan, so‘nggi hujumlarda Rossiya bir kechada yuzlab dron yuborganini hisobga olsak.
Oxirgi taqdimot bo‘yicha, AQSH rasmiylarining aytishicha, agar Yevropa NATO ittifoqchilaridagi Patriot tizimlari Ukrainaga berilsa, ularning o‘rnini keyinchalik AQSHda ishlab chiqarilgan yangilari bilan to‘ldirish mumkin.
“Reuters” xabariga ko‘ra, Tramp boshqa davlatlar buyurtma qilgan 17 ta batareyadan ba’zilari yoki hammasi Ukrainaga “juda tez” yetib borishini aytgan. IISS’ning 2025 yilgi “Harbiy muvozanat” hisobotiga ko‘ra, NATOning olti davlati — Germaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Polsha, Ruminiya va Ispaniya — Patriot tizimlariga ega.
“Mo‘’jiza quroli” emas
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte kecha, 14 iyul kuni Germaniya, Finlyandiya, Daniya, Shvetsiya va Norvegiya Patriot kabi yangi qurollarning ehtimoliy yetkazib beruvchilari bo‘lishi mumkinligini aytdi, biroq bu davlatlardan aynan Patriot yuboriladimi, degan savolga aniq javob bermadi.
AQSH harbiylari ichida ham Patriot zaxiralari yetarli emasligi bo‘yicha xavotirlar bor.
“Bu – bizdagi eng talofatli kuch bo‘g‘ini”, dedi AQSH armiyasi bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari general Jeyms Mingus CSISdagi chiqishida.
Uning ta’kidlashicha, Qatardagi Patriot bo‘limi 500 kundan beri mintaqada faoliyat yuritmoqda va “juda-charchagan kuch bo‘g‘ini”ga aylangan.
Ukraina hukumatining aytishicha, mamlakat o‘zini Rossiyaning kuchaygan raketali va dronli hujumlaridan himoya qilish uchun yana 10 ta Patriot batareyasiga muhtoj. Hozircha Kiyev 6 ta to‘liq ishlaydigan Patriot batareyasini qabul qilib olgan – ikkitasi AQSHdan, ikkitasi Germaniyadan, biri Ruminiyadan va yana biri Germaniya hamda Niderlandiya tomonidan qo‘shma tarzda berilgan (Action on Armed Violence ma’lumotiga ko‘ra).
Yetarlimi?
Mutaxassislar Patriot tizimlari Rossiyaning Ukrainadagi bosqinini to‘xtata olmaydi, deb hisoblaydi. AQSH armiyasi generali va NATOning sobiq Oliy qo‘mondoni Uesli Klark CNN telekanaliga bergan intervyusida, haqiqiy ta’sirga ega bo‘lishi uchun Ukrainaga faqat havo mudofaasi emas, balki keng qamrovli qurollar kerakligini aytdi.
“Agar siz buni to‘xtatmoqchi bo‘lsangiz, Rossiyani nishonga oling va chuqur zarba bering. Kelib urilayotgan o‘qni emas, uni otayotgan o‘qchiga zarba berish kerak”, dedi Klark.
Live
Barchasi