Pentagonni kuzatuvchi pitssa tarmog‘i va inqirozni prognoz qiluvchi lab bo‘yog‘i – davlat iqtisodini o‘lchashning noodatiy usullari
Tahlil
−
05 dekabr 2110 6 daqiqa
Iqtisod bir qarashda murakkab hisob-kitoblar, tushunarsiz matematik formulalar, tinimsiz o‘zgaruvchi statistikalar va bir yerda muqim turishni xushlamaydigan Gauss chiziqlardan iborat bo‘lgan sohadek tuyuladi. Ba’zan oddiy iste’molchi uchun iqtisodchilarning alohida o‘z tili bordek tuyulishi mumkin, negaki faqat raqamlar va lotincha atamalardan iborat nutqlarni mutaxassis bo‘lmay turib tushunish mushkul.
Bu murakkablik sabab iqtisodiyotga oddiyroq yo‘llar bilan yondashishga uringan iqtisodiy jurnallar, tadqiqotchilar yoki media guruh vakillari turli noan’anaviy iqtisodiy indekslarni ishlab chiqqan. Bu indekslar odatdagi makroiqtisodiy indikatorlar kabi ilmiy aniqlikka ega bo‘lmasa-da, ular jamiyat kayfiyati, bozorning ichki tebranishlari yoki iste’molchilar xulq-atvori orqali iqtisodiy holat haqida muqobil tasavvur beradi.
Indeks – lotincha so‘z bo‘lib, ko‘rsatkich, ko‘rsatuvchi ma’nolarini anglatadi va odatda narx o‘zgarishi, ishlab chiqarish yoki savdo ko‘rsatkichlarini ifodalashda, bundan tashqari turli so‘rovnomalar natijasida shakllantirilgan reytinglarda, misol tariqasida farovonlik indeksi, hayot sifatini o‘lchovchi indeks kabi mazmunlarda qo‘llaniladi. Ammo shunday noan’anaviy indekslar borki, ular kundalik hayotimizdagi xaridlarimiz yoki faoliyatimizga qarab shakllanadi va davlatning umumiy iqtisodiy ahvoli haqida ma’lumot beradi.
Lab bo‘yog‘i indeksi
G‘alati iqtisodiy indikatorlar orasida eng mashhuri “Lab bo‘yog‘i indeksi” yoki “Lab bo‘yog‘i effekti” nomlari bilan ataluvchi norasmiy iqtisodiy ko‘rsatkich. Bunga ko‘ra, iqtisodiy tanazzul davrida lab bo‘yog‘i, tirnoq bo‘yog‘i va boshqa "hamyonbop hashamat instrumentlari” – arzon parfyumeriya mahsulotlarning savdosi oshadi. Har bir ayol hatto eng og‘ir moliyaviy paytlarda ham mukammal ko‘rinishni xohlaydi, biroq brend sumkalar va qimmatbaho ko‘ylaklar uchun pul yetishmayotgani, xarid uchun imkon yo‘qligidan kelib chiqsak, demak e’tiborni boshqa tarafga burish kerak bo‘ladi, ya’ni bunday paytda ayollar dekorativ kosmetikaga, masalan, lab bo‘yog‘iga asosiy e’tiborni qaratishadi. “JP Morgan Wealth Management” nashrida qayd etilishicha, inflyatsiya hali ham yuqori bo‘lgan bir paytda, uy sotib olish, yangi mashina xarid qilish yoki ta’tilga chiqish juda qimmatga tushadi, ammo 30 dollarlik Dior “pomadalarini” sotib olish unchalik zararli emas.

Psixologlarning ta’kidlashicha, stress davrida kichik summalar evaziga qimmat ko‘rinuvchi tovarlarni xarid qilish inson kayfiyatiga ijobiy ta’sir qilishi aytiladi.
Bu indeks birinchi marta “Estée Lauder” kompaniyasi rahbari Leonard Lauder tomonidan ta’kidlangan bo‘lib, 2001 yildagi iqtisodiy pasayish davrida lab bo‘yog‘i savdosi tushish o‘rniga 11 foizga o‘sishi kuzatilgan. “The Economist” jurnaliga ko‘ra, 1929-1939 yillardagi “Buyuk dipressiya” davrida lab bo‘yoqlari savdosi 25 foizgacha yuqorilagan.
Lab bo‘yog‘i indeksi bu psixologik omillarga tayanadigan indeks bo‘lib, iste’molchilar ruhiy holatini, xarid qobiliyatini o‘rganishda muhim signallarni beradi. Indeksdan asosiy xulosa shuki, agar kosmetik mahsulotlarga talab boshqa paytlarga nisbatan oshayotgan bo‘lsa, demak mamlakat iqtisodiyotida ishlar yomon!
Big Mac indeksi
Turli davlatlar turfa xil valyutaga ega va ularning qiymatlari mamlakatdan mamlakatga qarab farq qiladi, ya’ni O‘zbekistonda 1 dollarga xarid qilish mumkin bo‘lgan tovarni AQSHni xuddi shuncha miqdor evaziga sotib ololmaymiz. Shunday bo‘lsa-da, bir vaqtning o‘zida bir nechta valyutalar bo‘yicha sotib olish qobiliyatini taqqoslash mumkin. Bunda umumiy ko‘rsatkich kundalik hayotdagi odatiy iste’mol materiali ko‘rinishida keladi. 1986 yilda “The Economist” jurnali tomonidan ishlab chiqilgan va hozirgacha yuritilib kelinayotgan Big Mac indeksi dunyodagi valyutalar miqyosida xarid qobiliyati barqarorligini o‘lchashning soddalashtirilgan modeli sifatida mashhur bo‘lgan.

McDonald's tarmoqlarining flagman burger – Big Mac dunyoning qariyb 60 foizida bir xil asosiy ingrediyentlardan foydalangan holda taqdim etiladi. Indeks bir prinsipga asoslanadi: har bir mamlakatda Big Mac burgerining narxi valyuta qanchalik qimmat yoki arzonligini ko‘rsatadi. Agar bir davlatda Big Mac ancha arzon bo‘lsa, bu uning valyutasi qadrsizligini bildirishi mumkin.
Big Mac indeksi qanday hisoblanishini tushunish uchun “The Economist ”ning 2025 yil yanvar oyidagi ma’lumotlaridan foydalangan holda ko‘rib chiqamiz.
- Yaponiyada Big Mac 480 ¥ (yen) turadi.
- AQSHda Big Mac taxminan 5,79 dollar turadi.
- Ko‘zda tutilgan ayirboshlash kursi (¥480/$5,79) bir dollar uchun 82,90¥.
Shunday ekan, sayohatga chiqsangiz Big Mac sotib oling va mamlakatdagi inflyatsion holatni hisoblab ko‘ring.
Erkaklar ich kiyimi indeksi
Dunyoda shunday iqtisodiy indekslar borki, ular haqida omma oldida so‘z ochish ba’zan etikaga to‘g‘ri kelmaydigandek, ammo ilm ba’zan beandishalikni talab qiladi. Bu fikrga 1987-2006 yillarda AQSH Federal rezerv tizimining o‘z uchinchi raisi sifatida xizmat qilgan Alan Grinspen qo‘shilgan bo‘lardi, sababi aynan u ushbu tushunchani ommaga taqdim etgan inson sanaladi.
Uning fikricha, erkaklar ichki kiyimiga bo‘lgan talab iqtisodiy o‘zgarishlardan eng kam ta’sirlanadigan segment, ya’ni kichik iqtisodiy tebranishlar ularning xarid qilinishiga ta’sir qilmaydi. Agar ichki kiyimlar sotuvi pasayishni boshlasa, bu jiddiy iqtisodiy muammolar boshlanishidan dalolat beradi. Grinspenning ta’kidlashicha, odatda erkaklar bunday zarur tovarlarni o‘z vaqtida yangilab turadi, lekin moliyaviy qiyinchilik paytida bunday xaridlarni kechiktirishi mumkin. Bu esa iqtisodiy pasayishni erta sezish uchun muqobil indikator sifatida ishlatiladi.
Pentagon Pitsa indeksi
Kundalik turmushdagi mayda xaridlar orqali nafaqat iqtisodiy inqirozlarni oldindan sezish mumkin, balki siyosiy tarangliklardan ham bohabar bo‘lish mumkin. Ayniqsa, AQSHda Pentagon, Oq uy yoki boshqa ma’muriy binolar yaqinida joylashgan “Fast Food” tarmoqlaridagi buyurtmalar, xususan, pitsa yetkazib berishga talabning oshishi ko‘pincha geosiyosiy maydondagi muammoli vaziyatdan darak berishi – “Pentagon pitssa indeksi” yoki “Pentagon pitssa nazariyasi” deb ataladi. Fikrga ko‘ra, agar Pentagon atrofidagi pitssa tamaddixonalarida buyurtmalar keskin oshsa, demak harbiylar kechasi ko‘proq ishlayapti, bu esa muhim siyosiy jarayonlar davom etayotganidan darak berishi mumkin.1990 yilda Domino’s Pizza ovqatlanish shoxobchasi xodimi Frenk Miks “Los- Angeles Times” gazetasiga bergan intervyusida 1 avgust kuni Markaziy razvedka boshqarmasi bir kun uchun rekord darajada ko‘p, 21 ta pitssadan iborat buyurtma berganini va ertasi kuni Iroq Quvaytni bosib olib, urush boshlaganini aytib o‘tgan. Avvaliga Miks buni shunchaki tasodif deb o‘ylagan, biroq u 1998 yilning dekabrida Bill Klinton impichmenti tinglovlari oldidan pitssa yetkazib berishda shunga o‘xshash o‘sishni kuzatgan. Ushbu nazariyani dalillashga yetarli tarixiy asoslar ham bor. Grenada va Panamaga bostirib kirilishidan oldin ham, Fors ko‘rfazi urushi boshlanishidan oldin ham xuddi shunday savdo o‘sishi kuzatilgan.

2024 yil avgust oyida “Pentagon pitssa hisoboti” deb nomlanuvchi X (sobiq Twitter) hisobi yaratildi, unda pitssa tamaddixonalariga tashrif ma’lumotlarini jonli kuzatib borildi, ammo unda haqiqiy buyurtma hajmi yoki pitssa qayerga yetkazilayotgani haqida ma’lumotlar sir tutildi.
Aslida yuqoridagi noan’anaviy indekslarni ilmiy deb qabul qilish kerak emas, ularning hech biri olimlar yoki iqtisodchilar tomonidan tasdiqlanmagan. Ularning aksariyati ilmiy statistik metodlarga emas, balki psixologik tendensiyalar, jamiyat xulq-atvori yoki tasodifiy korrelyatsiyalarga asoslanadi. Shu sababli, bu indekslar yordamida aniq iqtisodiy bashorat berish qiyin, biroq bu ularning umuman foydasiz ekanini anglatmaydi. Aksincha, ular iqtisodiy hayotdagi ma’lum nozik o‘zgarishlarni sezish, bozor kayfiyatini kuzatish va murakkab iqtisodiy jarayonlarni ommaga tushunarliroq ko‘rinishda taqdim etishda qo‘l keladi.
Live
Barchasi