Pezeshkiyon Ozarbayjonga qilingan hujum yuzasidan Aliyevga qo‘ng‘iroq qildi

Olam

image

Kecha, 8 mart kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda “Report” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Mas’ud Pezeshkiyon Naxchivonga qilingan havo hujumi bilan bog‘liq hodisa Eron bilan aloqador emasligini ta’kidlab, ushbu voqea, albatta, tekshirilishini bildirgan.

Shuningdek, Ilhom Aliyevga Ozarbayjondagi Eron elchixonasiga tashrif buyurib, Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiy hamda tinch aholi vakillarining halok bo‘lishi munosabati bilan bildirilgan hamdardlik uchun minnatdorlik izhor qilgan. Qolaversa, Aliyevning Eronga gumanitar yordam ko‘rsatish niyatini ham yuqori baholagan.

Telefon suhbatida Prezident Ilhom Aliyev esa Eronda yuz bergan so‘nggi voqealar oqibatida ko‘plab tinch aholining halok bo‘lgani munosabati bilan yana bir bor hamdardlik bildirgan.

Ozarbayjon Prezidenti Naxchivonda sodir bo‘lgan hodisani chuqur va xolisona tekshirish muhimligini alohida qayd etgan.

Telefon suhbati davomida davlat rahbarlari qo‘shma iqtisodiy loyihalarni rivojlantirish istiqbollari haqida ham fikr almashgan.

Nega Pezeshkiyon Aliyev bilan kech qo‘ng‘iroqlashdi?

Naxchivonga uyushtirilgan hujumudan so‘ng Ozarbayjon jamoatchiligida eng ko‘p muhokama qilinayotgan savollardan biri “Nega Mas’ud Pezeshkiyon Ilham Aliyevga qo‘ng‘iroq qilmayapti?”, degan savol bo‘ldi. Bu savol paydo bo‘lishiga ikki asosiy omil sabab bo‘lmoqda:

Birinchidan, Eron siyosiy tizimi ichida Pezeshkiyonning Ozarbayjonga nisbatan iliq munosabatda ekani ma’lum. Asli ozarbayjonlik bo‘lgan Mas’ud Pezeshkiyon Prezident etib saylanganidan so‘ng Baku–Tehron yo‘nalishidagi, asosan Eron tomonidan yuzaga kelgan keskinlikni yumshatishga muhim hissa qo‘shgan.

Ikkinchidan esa, Prezident Ilhom Aliyev va Mas’ud Pezeshkiyon o‘rtasidagi shaxsiy do‘stlik munosabatlari ham muhim omil hisoblanadi. Pezeshkiyonning Ozarbayjonga tashriflari davomida uning Aliyev bilan samimiy munosabatlariga bir necha bor guvoh bo‘lingan. Har ikki yetakchi ham Ozarbayjon–Eron munosabatlaridagi muammolarni bartaraf etishga harakat qilgan va ma’lum darajada bunga erishgan edi.

Biroq Naxchivonga uyushtirilgan hujum – Ozarbayjon suverenitetiga qarshi terror harakati sifatida baholangan voqeadan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izdan chiqdi. Shu sababli jamoatchilikning asosiy kutuvi Pezeshkiyonning Bakuga qo‘ng‘iroq qilib, yuz bergan voqealarni Ilhom Aliyev bilan muhokama qilishi edi. Ammo kecha, 8 martga qadar Tehrondan Bakuga bunday qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Pezeshkiyonning Aliyevga hozirga qadar qo‘ng‘iroq qilmagani va umuman Naxchivon hujumiga munosabat bildirmagani, ehtimol, hozirda Eronda katta ta’sirga ega bo‘lgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Taxminlar esa shuni aytmoqda-ki, Eron Prezidenti Ozarbayjonga nisbatan keskin pozitsiyada bo‘lgan IIQK bilan to‘qnash kelishni istamagan.

Eronning Ozarbayjonga hujumi

Joriy yilning, 5 mart kuni Eron raketasi Ozarbayjonning Naxichevon Muxtor Respublikasi hududidagi aeroportga qulab tushdi.

Naxichevon Ozarbayjonning Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh eksklavi bo‘lib, Janubiy Kavkazda strategik jihatdan muhim hudud hisoblanadi. Agar bu hodisa tasdiqlansa, mintaqaviy xavfsizlik va siyosiy vaziyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.  

Mazkur voqeadan so‘ng, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda bitta dron Naxichevon xalqaro aeroportining terminal binosiga zarba bergan, yana boshqa bir dron esa Shakarobod qishlog‘idagi maktab binosi yaqiniga tushgan. Hududdagi maktab o‘quvchilar va o‘qituvchilari esa evakuatsiya qilingan. 

Mazkur voqeadan so‘ng Eron Islom Respublikasining Ozarbayjondagi favqulodda va muxtor elchisi Mujtabo Demirchilu Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan, u yerda Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan va tegishli norozilik notasi topshirilgan.

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Eronning Naxichevon Muxtor Respublikasidagi aeroportga qilgan hujumi javobsiz qolmasligini bildirgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot qilib, hujumdan jiddiy xavotir bildirgan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Eronning Naxichevonga qilgan hujumini terroristik deb atadi va buning uchun uzr so‘rashi kerakligini aytgan. Shuningdek, u Eronning Naxechivonga qilgan hujumuni “nonko‘rlik” sifatida baholab, bu tajovuzga “temir musht” bilan javob qaytarishini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ozarbayjon Aliev Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing