Pokiston Afg‘onistonga zarba berdi: o‘nlab tinch aholi halok bo‘lgan (video)
Olam
−
22 fevral 8413 2 daqiqa
Pokiston Afg‘oniston hududiga bir nechta havo zarbasi bergan. “Tolibon” ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar oqibatida o‘nlab odamlar, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Bu haqda BBC yozdi.
Islomobod esa zarbalar chegara yaqinidagi yettita “terroristik lager va yashiringoh”ni nishonga olganini bildirgan. Rasmiylarga ko‘ra, operatsiya so‘nggi paytlarda Pokistonda sodir etilgan xudkushlik hujumlariga javob sifatida amalga oshirilgan.
“Tolibon” Mudofaa vazirligi zarbalar Nangarhor va Paktika viloyatlaridagi tinch aholi yashaydigan hududlarga qaratilganini ma’lum qilgan. Masalan, Shahobiddin ismli shaxsning uyi vayron qilingan va taxminan 20 nafar oila a’zosi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgani aytilmoqda. Afg‘oniston hukumati hujumlarni “mamlakat hududiy yaxlitligiga ochiq tajovuz” deb baholab, xalqaro huquq buzilganini iddao qilgan.
Pokiston Axborot vazirligi bayonotiga ko‘ra, zarbalar “razvedkaga asoslangan aniq nishonlarga” qaratilgan. Ular orasida taqiqlangan “Tehrik-i-Tolibon Pokiston” (TTP), uning sheriklari va “Islomiy davlat – Xuroson viloyati” guruhi a’zolari borligi aytilgan.
Islomobod Afg‘onistondagi hukumatni mazkur guruhlarga qarshi chora ko‘rmaslikda ayblab, “hujumlar rahbariyat ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilgani haqida ishonchli dalillar bor”ligini ta’kidlagan.
Muzokaralarga qaramay yangi keskinlik
Zarbalar oktyabr oyidagi qonli chegara to‘qnashuvlaridan so‘ng erishilgan nozik sulh fonida amalga oshirilgan. O‘sha paytda eng yirik to‘qnashuvlardan keyin o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi, ammo shundan beri alohida mojarolar davom etmoqda. Yaqinda Saudiya Arabistoni vositachiligida o‘tgan muzokaralar natijasida oktyabrdagi to‘qnashuvlarda qo‘lga olingan uch nafar pokistonlik askar ozod etilgan edi.
“Tolibon” Pokistonni diniy muassasalar va tinch aholiga zarba berishda ayblab, “o‘z vaqtida munosib javob” berishini ogohlantirgan.
Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi 2 574 kilometrlik tog‘li chegara yillardan beri xavfsizlik nuqtai nazaridan eng murakkab hududlardan biri bo‘lib kelmoqda. Yangi zarbalar esa ikki davlat munosabatlarida yana bir xavfli bosqichni boshlab berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 17 fevral kuni Pokistonning Xayber Paxtunxva viloyati Bajaur tumanida joylashgan nazorat punktiga hujum uyushtirilgan edi.
Live
Barchasi