Polina Kudermetova “Australian Open”ni g‘alaba bilan boshladi

Sport

image

Kecha, 18 yanvar kuni tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining a’zosi Polina Kudermetova “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi Avstraliya ochiq chempionatini g‘alaba bilan boshladi. Kudermetova ispaniyalik raqibasini 2 set natijasiga ko‘ra qiyinchiliksiz mag‘lub etdi.

Polina Kudermetova kvalifikatsiya, ya’ni saralash raundi g‘olibalaridan biri ispaniyalik Giomar Maristaniga qarshi kortga chiqdi. Sakson bir daqiqa davom etgan bahsda Polina ikki set natijasiga ko‘ra, 6/2, 6/3 hisobida ortiqcha qiyinchiliksiz g‘alabaga erishdi va 1/32 finalga yo‘l oldi.

Bugun, 19 yanvar kuni O‘zbekiston terma jamoasining yana bir a’zosi Kamilla Rahimova birinchi bosqichda dunyoning uchinchi raketkasi, amerikalik Koko Goffga qarshi kortga chiqdi. Roppa-rosa 100 daqiqa davom etgan bahsda Goff 6/2, 6/3 hisobida g‘alaba qozonib, 1/32 finalga yo‘l oldi. Endi u ikkinchi bosqichda amerikalik 45 yoshli Vinus Uilyamsdan uch set natijasiga ko‘ra ustun kelgan serbiyalik Olga Danilovichga qarshi kortga chiqadi.

Ma’lumot uchun, “Australian Open-2026” asosiy bahslari joriy yilning 18 yanvar kuni boshlanadi. Musobaqaning amaldagi g‘olibasi amerikalik Medison Kiz hisoblanadi. U o‘tgan yilgi finalda Arina Sobolenkoni uch set natijasiga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratgandi.


Maqola muallifi

Teglar

tennis Kamilla Rahimova Polina Kudermetova “Australian Open”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing