Portugaliyada Ronaldu haykali yoqib yuborildi (video)
Sport
−
21 yanvar 9458 1 daqiqa
Portugaliyaning Madeyra orolida joylashgan CR7 muzeyi oldida noma’lum shaxs Krishtianu Ronaldu haykalini yoqib yubordi. Ushbu shaxs voqeani videoga olib, uni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi. Bu haqda UOL nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak videoni o‘zining Instagram sahifasidagi tarmog‘iga joylashtirib, izohda “Bu Xudoning oxirgi ogohlantirishi”, deya yozgan va Krishtianu Ronalduning rasmiy akkauntini belgilagan.
Videoda yigit Ronaldu haykaliga yonuvchan suyuqlik sepib, uni yoqib yuborayotgani aks etgan. Shundan so‘ng u musiqa qo‘yib, raqs tushishni boshlagan. Biroq yong‘in tez orada o‘chib ketgan va haykalga jiddiy zarar yetmagani aytilmoqda.
Mazkur haykal portugaliyalik futbolchining tug‘ilgan joyi hisoblangan Madeyra orolining Funshal shahrida, sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan CR7 muzeyi oldida joylashgan. Muzeyda Ronaldu faoliyati davomida erishgan yutuqlari, portretlari va shaxsiy buyumlari namoyish etiladi.
Portugaliyaning “Correio da Manha” nashri xabariga ko‘ra, Madeyra oroli Jamoat xavfsizligi politsiyasi (PSP) hodisani sodir etgan shaxsni allaqachon aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, u avval ham shunga o‘xshash hodisalar bilan tanilgan.
Live
Barchasi