Prada Versace’ni sotib oldi

Madaniyat-san’at

image

Prada Group Versace’ni qariyb 1,4 milliard dollarga sotib olish bo‘yicha bitimni yakunladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Prada modalar uyi Versace’ni uning brend egasi bo‘lgan Capri Holdings Ltd. kompaniyasidan sotib olayotgani ilk bor joriy yilning aprel oyida ma’lum bo‘lgan edi. Bitim qiymati 1,375 milliard dollarni tashkil qilgan.
 
Prada egalari Miuchcha Prada va Patritsio Bertellining o‘g‘li Lorenso Bertelli noyabr oyida “Reuters”ga bergan intervyusida bitim jarayoni tugagach, Versace’ga rahbarlik qilishi haqida aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prada bu bitimga bir necha yildan buyon qiziqib kelgan.

“COVID davridayoq aloqa bo‘lgan, muzokaralar Capri’ning Tapestry kompaniyasiga sotilishidan oldin ham olib borilgan. Raqobatga qarshi qonunchilik bekor bo‘lgach, biz muzokaralarga qaytdik va jarayonni tezlashtirishga harakat qildik”, deydi Bertelli.

Ma’lumot uchun, Prada Italiya kompaniyasi bo‘lib, 1913 yilda Mario Prada va uning ukasi Martino tomonidan asos solingan. Ular dastlab charm buyumlar – chamadon, sumka va boshqa mahsulotlarni import qilgan, keyin esa o‘zlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Brend rivojlanishida asosiy rolni kompaniya asoschisining nabirasi Miuchcha Prada o‘ynagan (Miu Miu brendi uning nomi bilan atalgan). U ko‘p yillar davomida Prada’ning bosh dizayneri va kompaniyaning rahbarlaridan biri bo‘lib ishlagan.
 
Versace brendiga esa 1978 yilda dizayner Janni Versache tomonidan asos solingan. Kompaniya kiyim-kechak, atir-upa, soat, aksessuar va boshqa hashamatli mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Dizayner 1997 yilda AQSHning Mayami-Bich shahridagi uyining eshigi oldida seriyali qotil Endryu Kyunenan tomonidan o‘ldirilgan. Uning o‘limidan so‘ng kompaniyani singlisi Donatella boshqara boshlagan. 2018 yilda u biznesni Amerikaning Michael Kors kompaniyasiga (hozirgi Capri) 2 milliard dollarga sotgan, ammo shunga qaramay Versace’ning bosh dizayneri sifatida faoliyatini davom ettirgan


Maqola muallifi

Teglar

Prada Versace

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing