Prank taqiqlanishi mumkin. Qozog‘istonda!

Olam

image

Qozog‘istonda prank qilish taqiqlanishi mumkin. Bu haqda bugun, 20 noyabr kuni mamlakat Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva Senat majlisida so‘z ochdi.

“Alohida suratga olish holatlari bor, ular ,muayyan shaxslarning ruxsatisiz amalga oshiriladi. Shuning uchun bu normani, albatta, siz bilan birgalikda muhokama qilamiz, chunki ishchi guruh endi tuzilmoqda.

Agar xohlasangiz, men sizning barchangizni ushbu ishchi guruhga kiritishim mumkin, shunda kimni suratga olish mumkin, kimni mumkin emas, qanday suratga olish kerak – mana shu chegaralarni tushunib olamiz. Keling, buni ishchi guruhda muhokama qilaylik, chunki bizga ayrim murojaatlar ham kelmoqda. Fuqarolar ham yozishyapti: mutlaqo imkoni bo‘lmay qoldi, masalan, biror joyga borish, hattoki do‘stlar bilan bemalol sayr qilishning ham iloji qolmayapti”, deydi u.

Balayeva jurnalistlarning: “Bunday taqiq amaldorlarning o‘zini himoya qilishga urinish emasmi?”, degan savoliga ham javob bergan.

“Amaldorlar… Biz allaqachon o‘rganib bo‘lganmiz. Bizning allaqachon qarindoshlarimiz yo‘qdek, shaxsiy hayotimiz yo‘qdek, qayerga bormaylik, bizni hamma joyda tasvirga olishadi. Holbuki, biz ham shu mamlakatning oddiy fuqarolari, oddiy insonlarimiz. Shuning uchun, gap faqat amaldorlar haqida emas, umumiy maqsad bu yo‘nalishni tartibga solish.

Shuning uchun, keling, buni muhokama qilaylik. Gap shundaki, biz ishchi guruh tuzyapmiz va jurnalistlardan ham, oddiy fuqarolardan ham kelayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqamiz”, deya xulosa qilgan vazir.

Ma’lumot uchun, prank – bu odamni noodatiy yoki stressli vaziyatga solib, uning reaksiyasi uchun kulish maqsadida qilinadigan hazil yoki hiyla.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosida yigitlarning qo‘lini ushlab prank qilgan qozog‘istonlik mashhur bloger ishi sudga oshirilgani haqida xabar berilgan edi. U avval ham shunga o‘xshash xatti-harakatlar sodir etgan, shundan so‘ng u bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan, biroq u bu holatdan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston prank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing