Prezident Aripovga 20 nafar hokimga chora ko‘rishni buyurdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hukumat raisi Abdulla Aripovga ko‘zbo‘yamachilik qilayotgan hokimlarga nisbatan chora ko‘rishni topshirdi. Bu haqda bugun, 19 noyabr kuni Prezident raisligida o‘tayotgan kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida so‘z borgan. 

Yig‘ilishda ayrim tuman hokimlari bandlik masalalarida jiddiy kamchiliklar va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. 

Bosh vazirga ishga shunday yondashgan 20 ta – Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq, Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish topshirilgan. 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, mahallalarga yaxshi loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirish uchun bankirlar biriktirilgan. Lekin, ayrim tuman bankirlari davlatning arzon resursini samarasiz loyihalarga berib yuborayotgani tanqid qilingan. 

Mutasaddilarga mahallalarga borib, loyihalar samaradorligini o‘rganish, sohada nazorat va intizomni kuchaytirish topshirildi.

Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash rejalarini bajarishdagi mas’uliyatsizlik uchun yil boshidan 261 nafar mas’ul ishdan olingani, yana 492 nafariga intizomiy jazo berilgani ma’lum qilindi.  

“Ehtiyojmand oilalarning eng og‘ir qatlami qoldi. Bunday 400 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish uchun viloyat, tuman hokimining birinchi o‘rinbosarlari, bandlik, bank rahbarlari, “mahalla yettiligi” o‘zining dunyoqarashi va ish uslubini o‘zgartirishi kerak”, deydi davlat rahbari.

Kelgusi yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5 foizdan kamaytirish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi qayd etildi. Shuningdek, iqtisodiyotga 450 trillion so‘m kredit ajratilishi, 140 trillion so‘mi mahalladagi kichik va o‘rta loyihalar uchun berilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident o‘tkazayotgan yig‘ilishda Qashqadaryoning Chiroqchi tumani hokimi va Surxondaryoning Denov tumani hokimi hamda ularning birinchi o‘rinbosarlari ishdan olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing