Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda kimlar “uchdi”?
Tahlil
−
28 yanvar 2593 2 daqiqa
27 yanvar kuni Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi huquq-tartibot va nazorat organlari faoliyatini keskin tanqid qildi. Davlat rahbari Toshkent shahri respublikaga namuna bo‘lishi kerak bo‘lgan paytda, mas’ullar hanuz eskicha ishlash uslubidan voz kecha olmayotganini qoraladi.
Yig‘ilishda Toshkent shahri huquq-tartibot idoralari rahbarlari — prokuratura, ichki ishlar, xavfsizlik, gvardiya, sud, adliya, bojxona va soliq tizimi mutasaddilarining faoliyati qoniqarsiz deb topildi. Xususan, jinoyatchilikning oldini olish o‘rniga ayrim rahbarlar faqat tashqi ko‘rinish va rasmiy aylanishlar bilan band ekaniga e’tiroz bildirildi.
Prezident poytaxtda profilaktika ishlari sust tashkil etilgani, profilaktika inspektorlari o‘z vazifalaridan chalg‘itilib, boshqa ishlarga jalb etilayotgani sababli mahallalarda ularni topib bo‘lmayotganini qayd etdi. Ayrim mahallalarda davlat rahbari topshirig‘i bilan o‘tkazilgan tekshiruvlarda inspektorlarning ish joyida yo‘qligi aniqlangan.
Videoselektor yig‘ilishida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Respublika profilaktika boshlig‘i Hotam Qodirov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bunga yirik bozorlar va gavjum hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida idoralararo hamkorlikning yetarli emasligi sabab bo‘lgani aytildi. O‘tgan yili bozor va istirohat bog‘larida 87 ta jinoyat sodir bo‘lgani va poytaxtda 774 ta yong‘in qayd etilgani ma’lum qilindi.
Shuningdek, Prezident narkojinoyatchilikka qarshi kurashda qat’iyat yetishmayotganini tanqid qilib, Toshkentda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 4 mingdan oshganini bildirdi. Davlat rahbari xorijda ham ayrim O‘zbekiston fuqarolari uyushgan guruhlar tuzib, jinoyat sodir etayotgani mamlakat obro‘yiga jiddiy putur yetkazayotganini alohida qayd etdi.
Yig‘ilishda soliq tizimidagi holat ham keskin tanqid ostiga olindi. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev loqaydligi va mas’uliyatsizligi sababli vazifasidan ozod qilindi. Prezident Soliq qo‘mitasi raisiga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalari boshliqlarini ham ishdan olib, ularni vaqtincha vazifa bajaruvchi sifatida qoldirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Videoselektorda, Ichki ishlar vazirligi tizimidagi davlat xaridlari doirasida 186 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan. Ushbu holat yuzasidan vazir o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va departament boshlig‘i Rustam Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Umuman olganda, korrupsion sxemalar orqali 4,2 trillion so‘m zarar yetkazilgani, shundan 1,3 trillion so‘mi undirilib 55 nafar shaxs qamoqqa olingani ma’lum qilindi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoreportajni tomosha qiling.
Live
Barchasi