Yo‘l talashib ayol haydovchini haqoratlagan erkak qamaldi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yo‘l talashib, ayol kishini haqorat qilgan haydovchi 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

“Qizimni bog‘chaga tashladim. Sekin orqaga yurib chiqayotgan edim. Bu kishi mahalla ichida, ikkita bog‘cha bor yo‘lda bosib kelayotgan ekanlar. Men nima xato qilgan ekanman deb, mashinamni chetga olib tushdim. Orqaga yurganimda ham mening orqamdan yuriladigan yo‘l bor edi. Bu inson o‘tib ketsa bo‘lardi. Bundan battar so‘kinishlar bo‘lgan, bundan battar haqoratlar, telefonimni qo‘limdan yulib olib, telefonni bermasliklar bo‘lgan. Men ertalabdan beri titrab, o‘zimga kela olmayapman”, deydi jabrlanuvchi. 

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan jamoat joyida uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan shaxsga nisbatan Uchtepa tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga taqdim etilgan. 

Shundan so‘ng erkakka Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. 

“Men kechirim so‘rayman. Bunaqa narsa boshqa qaytarilmaydi. Hurmat qilib yuraman. Keyingi safar jahlni uyda jilovlab, to‘g‘ri qilib, keyin ko‘chaga chiqishni o‘rganaman. Bunaqa narsa boshqa bo‘lmaydi”, deydi erkak. 

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisadan keyin jabrlanuvchi ayolga himoya orderi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avtobusda yo‘lovchi qizga uyatsiz harakat qilgan erkakka 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent haydovchi mayda bezorilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing