Prezident Farg‘onada yosh futbolchilar bilan muloqot qildi

Sport

image

Bugun, 28 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol markazi va “Neftchi” bolalar futbol akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

Farg‘ona viloyati o‘zining boy futbol an’analari va iste’dodli charm to‘p ustalari bilan mashhur. Jumladan, 1962 yilda tashkil etilgan “Neftchi” futbol klubi O‘zbekiston Superligasining 6 karra chempioni, mamlakat kubogining 2 karra va superkubokning 1 karra sohibi hisoblanadi. Shuningdek, klub 1994 yilda MDH kubogi finalchisi bo‘lgan, 1994-1995 yillarda esa Osiyo chempionlar ligasida bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

Bugun ham hududda iqtidorli yosh futbolchilarni saralab olish va tayyorlash, malakali murabbiylar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, professional futbol klublari akademiyalarini rivojlantirishga qaratilgan choralar natijasida 2025 yilda “Neftchi” bolalar futbol akademiyasi tashkil etilgan.

4,5 gektardan ortiq maydonni egallagan akademiya 150 nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 6 ta katta va kichik futbol maydoni, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya bo‘limi faoliyat yuritadi.

Akademiyada 1,1 million dollarlik sun’iy qoplamali, havo gumbaz bilan yopilgan yopiq futbol maneji barpo etilgan.

Viloyatda futbol muhitini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni saralash maqsadida UEFA instruktorlari va boshqa xalqaro mutaxassislar jalb qilingan.

Prezident akademiyada futbolchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan. Yoshlar bilan muloqot qilib, ularning mashg‘ulotlarini kuzatgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi IT-park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Farg'ona Neftchi futbol akademiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing