Shavkat Mirziyoyev poligonda!
Jamiyat
−
13 yanvar 8327 2 daqiqa
Bugun, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatidagi Maxsus operatsiyalar kuchlari poligoni bilan tanishdi va Qurolli Kuchlar bo‘linmalari bilan o‘tkazilayotgan mashqlarning faol bosqichini kuzatdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi barcha dala o‘quv maydonlari, harbiy qism va muassasalarda modernizatsiya ishlari olib borilib, ular xalqaro standartlarga moslashtirilgan.

Bildirilishicha, maxsus bo‘linmalarni samarali tayyorlash maqsadida xalqaro tajriba va qo‘shinlarni tayyorlashning zamonaviy tendensiyalarini hisobga olib tashkil etilgan Maxsus operatsiyalar kuchlarining yangi poligoni mazkur ishlarning mantiqiy davomi bo‘lgan.
Poligon ob’ektlarida shaxsiy tarkibning jangovar ko‘nikmalarini takomillashtirish, tayyorgarlik mashg‘ulotlarini samarali yo‘lga qo‘yish hamda ma’naviy-ruhiy barqarorligini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.

Davlat rahbari bu yerdagi jangovar va maxsus tayyorgarlik mashg‘ulotlarini tashkil qilishning yangi usullari bilan tanishgan. Qurolli Kuchlar bo‘linmalari bilan o‘tkazilayotgan mashqlarning faol bosqichini kuzatgan.

O‘quv davomida turli qo‘shinlarga mansub bo‘linmalarning jangovar imkoniyatlari hamda ularning birgalikdagi harakatlarining muvofiqlashganlik darajasi, shuningdek, qo‘shinlar va qurol-yarog‘ni boshqarishning yangi raqamli tizimlari namoyish etilgan.
Turli jangovar operatsiyalarni o‘tkazishda uchuvchisiz uchish apparatlaridan samarali foydalanish usullari, shuningdek, turli xil o‘quv-jangovar vazifalarni bajarish jarayonida artilleriya, aviatsiya, havo hujumidan mudofaa va quruqlikdagi qo‘shinlarning birgalikdagi harakatlari ko‘rsatilgan.

Bunda kichik komandirlarning zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalari va boshqaruv mahorati darajasi, shuningdek, harbiy xizmatchilarning tez o‘zgarib borayotgan jangovar vaziyat sharoitida jang maydonida zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikani samarali qo‘llash bo‘yicha kasbiy mahoratini baholashga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘quv yakunida Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni bo‘linmalarning tayyorgarligi va ularning birgalikdagi harakatlarida erishilgan uyg‘unlik darajasini yuqori baholagan.

Davlat rahbari Qurolli Kuchlarning qo‘mondonlik tarkibi bilan bo‘lgan suhbatda dunyoda xavfsizlikka tahdidlar avj olayotgan bugungi tahlikali kunlarda Qurolli Kuchlar salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Chirchiq aviatsiya ta’mirlash zavodiga tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi. Davlat rahbari korxonada amalga oshirilgan keng ko‘lamli modernizatsiya natijalari hamda uning yangi yuqori texnologik bo‘linmalari faoliyati bilan tanishgan.
Live
Barchasi