Prezident shoir Usmon Azimga 3 xonali uy sovg‘a qildi

Jamiyat

image

Kecha, 12 noyabr kuni Surxondaryo viloyatining Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning 75 yilligi keng nishonlandi va shoirga Prezident Shavkat Mirziyoyev nomidan 3 xonali uy sovg‘a qilindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi. 

Shoirning yubiley tadbirida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid va boshqa bir qator ijodkorlar ishtirok etgan. 

Tadbirda viloyat rahbari shoirni Surxondaryo ahli nomidan samimiy tabriklab, uning asarlarida yurtning go‘zalligi, xalq ruhi va milliy qadriyatlar chuqur ifoda etilganini ta’kidlagan. Shuningdek, Ulug‘bek Qosimov hamda Sirojiddin Sayyid shoirga Prezident sovg‘asi – Termiz shahridagi 3 xonali uy kalitini topshirgan. 

Tadbir davomida yozuvchi va ijodkorlar, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari shoir asarlaridan namunalar o‘qigan. Shu bilan birga, Usmon Azimning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyish etilgan. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim 1950 yil 13 avgust kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida tavallud topgan. 1972 yilda Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida ta’lim olgan. U o‘zining “Insonni tushunish” nomli ilk kitobi bilan 1979 yilda adabiy jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Shundan so‘ng shoirning “Holat”(1979), “Oqibat” (1980), “Ko‘zgu” (1983), “Surat parchalari” (1985), “Dars” (1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “G‘aroyib ajdarho” (1990), “Uyg‘onish azobi” (1991), “G‘ussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekan-da, yo‘q ekan” (1995), “Saylanma” (1995), “Kuz” (2001) kabi she’riy va “Jodu” (2003), “Adibning umri” (2010), “So‘ngso‘zlar” (2020) nasriy to‘plamlari, nasr va nazmdan iborat “Kollaj” (2018) nasriy to‘plamlari nashr etilgan.

Qolaversa, Usmon Azim uch mingga yaqin she’riy asarlar muallifi sanaladi. U Gruziyaning Vladimir Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan (1982). “Do‘stlik“ ordeni (1998) bilan mukofotlangan. 2024 yil Usmon Azim Qozog‘istonning adabiyot sohasidagi xalqaro “Alash” mukofoti bilan taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiy xalqlar adabiyoti haqida chuqur tahlillar olib boruvchi shoir, tarjimon va adabiyotshunos Fotih Sulton Yilmaz O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim tavalludining 75 yilligi munosabati bilan shoir  ijodi haqidagi “O‘zbek adabiyotining bir fidoiysi: Usmon Azim (davr, shaxsiyat, asar)” ilmiy kitobini nashr qildirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirojiddin Sayyid Usmon Azim San'at saroyi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing