Prezident Surxondaryo hokimlariga muhim topshiriq berdi
Jamiyat
−
27 fevral 4528 2 daqiqa
Surxondaryo viloyati hokimi, tuman hokimlari oldida joriy yilda investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi turibdi. Bu haqda bugun, 27 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda so‘z bordi.
Yig‘ilishda hududda kambag‘allikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish muhim ekani ta’kidlangan.
Viloyat iqtisodiyotida sanoatning ulushi so‘nggi 9 yilda 5 karra o‘sib, 10 foizga yetgan. Lekin bu hali ham kamligi qayd etilgan.
Viloyatda 100 million tonna ko‘mir zaxirasi bo‘lgani bilan yiliga atigi 1 foizi qazib olinyapti. Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirilgan.
Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, poliyetilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar 1 milliard dollar kiritishga tayyor.
Umuman, mazkur zaxiralar – elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya, avtomobilsozlik tarmoqlari uchun tayyor xomashyo bazasi. Bu konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitob qilib, kamida 200 million dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirilgan.
Boysundagi “Bezaktop” konida sifati Eron, Turkiya, Italiya bilan raqobatlasha oladigan tabiiy tosh zaxiralari o‘rganilmay turibdi. Bunday toshlar zaxirasi bo‘lgan konlarda geologiya ishlarini boshlashga ko‘rsatma berilgan.
Live
Barchasi