Prezidentimiz va muxlislar oldida g‘alaba qozonishga harakat qilamiz – Kapadze
Sport
−
09 iyun 7893 2 daqiqa
Ertaga, 10 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chemionatiga saralashning so‘nggi o‘yinida Qatar milliy terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Mazkur o‘yin oldidan bugun, 9 iyun kuni O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi Temur Kapadze va sardori Eldor Shomurodov rasmiy matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Dastlab, bosh murabbiy joriy yilning 5 iyun kuni BAA bilan o‘yindan so‘ng qo‘lga kiritilgan JCH-2026 yo‘llanmasi bilan hammani qutladi.
“Hammani bu g‘alaba bilan tabriklaymiz. Xursandmiz. Ertaga yaxshi o‘yin kutyapti. O‘ylaymanki, biz tayyormiz. Chiroyli o‘yin ko‘rsatib, muxlislarimizni xursand qilamiz”, dedi Kapadze.
Shuningdek, u jamoadagi jarohatlar bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi.
“Oston O‘runovning jarohati bor. O‘ylaymanki, tezroq tuzaladi. Otabek Shukurovda ham kichik jarohat bor. Bugun mashg‘ulotda o‘zini qanday his qilishiga qaraymiz. Qolgan hammasi joyida”, dedi murabbiy.
Shu bilan birga, Temur Kapadze ertangi bahsga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrif buyurishi kutilayotganini ma’lum qildi.
“Ertaga muxlislar keladi, nasib bo‘lsa Prezidentimiz keladi. Ularning oldida chiroyli o‘ynab g‘alaba qozonishga harakat qilamiz”, dedi u.
Bundan tashqari amaldagi O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi sobiq bosh murabbiy Srechko Katanetsning Toshkentga kelgani va uning erishilgan natijaga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi.
“Srechko Katanets bilan oldindan aloqamiz yaxshi. Bugun mehmonxonada ko‘rishib, bir-birimizni tabrikladik. Albatta, uning ham hissasi bor. 3 yildan ortiq vaqt terma jamoa bilan mehnat qildi. Shuning uchun rahmat aytib, uni ham tabrikladim. U ham meni tabrikladi. Uning ham taqdirlashga qo‘shilgani zo‘r bo‘ldi. Shunaqa xalqimiz borligidan faxrlanaman”, dedi u.
Matbuot anjumanida milliy terma jamoa sardori Eldor Shomurodov ham ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Assalomu alaykum barchaga. Birinchi navbatda barchani tarixiy natija – Jahon chempionatiga chiqqanimiz bilan tabriklayman. Ertaga, Xudo xohlasa, qiziq o‘yin bo‘ladi. Barcha muxlislarni chiroyli g‘alaba bilan xursand qilish niyatidamiz. Albatta, Jahon chempionatiga chiqish katta natija. Lekin buni nishonlashga vaqt bo‘lmadi. Hamma xursand, hamma qanday natijaga erishanimizni tushunib turibdi. Ertaga yana bitta o‘yinimiz bor – hammani hayoli shunda”, dedi u.
Ma’lumot uchun, ertaga, 10 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chemionatiga saralashning so‘nggi o‘yinida Qatar milliy terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Ushbu o‘yin Toshkent vaqti bilan 18:45 da “Bunyodkor” stadionida boshlanadi. O‘yindan so‘ng O‘zbekiston MTJ a’zolari taqdirlanadi.
Live
Barchasi