Putin Larijoniy vafoti munosabati bilan Eronga ta’ziya yo‘lladi
Olam
−
08:38 1692 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniyning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda Eron davlat teleradiokompaniyasi xabar berdi.
Kompaniya Putinning Eronning yangi Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyga yo‘llagan murojaatini ham e’lon qilgan.
“Janobi oliylari, Eron Islom Respublikasi Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy halok bo‘lgani munosabati bilan chuqur hamdardligimni qabul qiling. Men bu davlat arbobi bilan bir necha bor uchrashganman. U dono va uzoqni ko‘ra oladigan siyosatchi bo‘lib, o‘z xalqining manfaatlarini qat’iy himoya qilgan”, degan Vladimir Putin.
U o‘z murojaatida Larijoniyni Rossiyaning “haqiqiy do‘sti” deb atab, u Moskva va Tehron o‘rtasidagi strategik hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shganini ta’kidlagan.
Qayd etish joiz, Eron Larijoniy Isroilning havo zarbasi oqiatida halok bo‘lganini tasdiqlagan edi. U qizi yashaydigan Pardis hududidagi uyda o‘g‘li, o‘rinbosari va bir necha qo‘riqchilari bilan birga halok bo‘lgan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon hamdardlik bildirib, bu hodisa uchun “qattiq qasos olinishi”ni va’da qilgan. Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Larijoniy o‘limi mamlakat siyosatiga ta’sir qilmasligini ta’kidlagan.
Larijoniy va Putin aloqalari
Ali Larijoniy uzoq yillar davomida Eron siyosatida muhim shaxs bo‘lgan. 2005–2007 yillarda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi sifatida yadroviy dastur bo‘yicha bosh muzokarachi bo‘lgan. 2015 yilda parlament spikeri sifatida yadroviy kelishuvni muhokama qilishda faol ishtirok etgan.
U Vladimir Putin bilan bir necha bor uchrashgan:
- 2015 yil oktyabrda Sochida
- 2026 yil yanvarda Moskvada
Uchrashuvlarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
Live
Barchasi