Putin Si Szinpinni gaz bo‘yicha yangi shartnoma tuzishga ko‘ndirolmadi (video)
Olam
−
20 may 6832 3 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning urush boshlanganidan beri beshinchi va prezidentlik davridagi Xitoyga 25-tashrifi ham Rossiyaga “Sibir quvvati-2” gaz quvuri qurilishi bo‘yicha uzoq kutilgan kelishuvlarni olib kelmadi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, 10 yildan ortiq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan va Xitoyga gaz yetkazib berishni yiliga 100 milliard kub metrgacha oshirishni nazarda tutuvchi loyiha bo‘yicha hanuzgacha kelishilmagan nyuanslar qolmoqda.
“Ayrim jihatlarni hali kelishib olish kerak”, deydi Peskov.
Shuningdek, u o‘zaro anglashuvning “asosiy parametrlari” hamda bo‘lajak quvur yo‘nalishi (marshruti) kelishib olinganini, ammo loyihani amalga oshirish muddati bo‘yicha hamon aniq to‘xtamga kelinmaganini qo‘shimcha qilgan.
“Hozircha aniq muddat yo‘q. Bu baribir tijorat ma’lumoti hisoblanadi. Ammo bu ham ancha katta yutuq”, deydi Peskov.
Putin Pekinga o‘zi bilan birga katta delegatsiyani, jumladan, 5 nafar Bosh vazir o‘rinbosari, 8 nafar vazir hamda eng yirik davlat kompaniyalari, xususan, “Gazprom” va “Rosneft” rahbarlarini olib borgan. Tashrif davomida u Rossiya-Xitoy hamkorligining “cheksiz istiqbollari” haqida gapirgan va XXRga neft, ko‘mir hamda gazni “uzluksiz” yetkazib berishga va’da bergan.
Muzokaralar yakunida Moskva va Pekin 40 ta hujjat imzolagan. Ammo Kreml tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatdan ma’lum bo‘lishicha, ularning birortasida na “Sibir quvvati-2” va na neft-gaz sohasidagi hamkorlik tilga olingan.
“Financial Times” manbasiga ko‘ra, Yevropa bozorini yo‘qotgan va bunga juda muhtoj bo‘lib turgan “Gazprom” uchun yangi gaz quvuri yo‘lidagi asosiy to‘siq – gazning narxi bo‘lib qolmoqda.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy narxni Rossiya ichki bozoridagi darajaga yaqinlashtirishni talab qilmoqda. Bu esa har ming kub metr uchun taxminan 50 dollarni tashkil etadi – bu Pekin hozirda to‘layotgan narxdan ($258) 5 baravar arzon va “Gazprom”ning uzoq xorijdagi boshqa mijozlari uchun belgilagan narxidan ($420) 8,5 baravar kam.
Bundan tashqari, Xitoy gazdan foydalanish talabi allaqachon o‘z cho‘qqisiga chiqqan bo‘lishi mumkinligidan xavotirda va shu sababli uni sotib olish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlarni bo‘yniga olishga shubha bilan qaramoqda.
Hozirgi vaqtda XXR Rossiyadan har yili 38 milliard kub metr gaz sotib olmoqda – bu “Gazprom”ning uzoq xorijga qilayotgan eksportining yarmi degani va umumiy eksport 1980-yillar oxiridan beri eng past darajada qolmoqda. O‘n yillikning oxiriga kelib Rossiya hukumati Xitoyga yetkazib berishni yana 47 foizga oshirib, yiliga 56 milliard kub metrga yetkazishni rejalashtirgan. Qo‘shimcha gaz Uzoq Sharq yo‘nalishi (12 milliard kub metr) va “Sibir quvvati-1” quvuri quvvatini kengaytirish (6 milliard kub metr) hisobiga ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pekinda Xitoy Raisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi. Muzokaralarning birinchi qismi Tyananmen maydonidagi Xalq yig‘inlari saroyida tor doirada o‘tkazilgan va taxminan bir yarim soat davom etgan.
Live
Barchasi