Putin Trampga Erondagi uranni Rossiyaga olib chiqishni taklif qildi – OAV

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSHga Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv doirasida Erondagi boyitilgan uran zaxiralarini Rossiyaga olib chiqib ketishni taklif qildi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Putin ushbu taklifni joriy yilning 9 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lgan telefon muloqoti chog‘ida ilgari surgan. “Axios” manbalariga ko‘ra, AQSH Prezidenti bu taklifni rad etgan.

AQSH va Isroil Erondagi rejimdan yadro quroli yaratishdan voz kechishni talab qilib, mamlakatga qarshi urush boshlagan edi. “Axios” yozishicha, Tehron ixtiyorida 60 foizgacha boyitilgan taxminan 450 kilogramm uran mavjud. Ushbu zaxiralarni bir necha hafta ichida qurol darajasidagi 90 foizgacha yetkazish va o‘nta yadro bombasi yaratish mumkin.

“Bu taklif birinchi marta berilayotgani yo‘q. U qabul qilinmadi. AQSHning pozitsiyasi shundan iboratki, biz uran xavfsiz saqlanishiga to‘liq amin bo‘lishimiz kerak”, deydi Donald Tramp ma’muriyati vakili “Axios” nashriga.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp uran Yaqin Sharq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing