Putin zaxiradagilarni harbiy yig‘inlarga chaqirdi
Olam
−
09 dekabr 4412 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 2026 yilda zaxirada bo‘lgan fuqarolarni harbiy yig‘inga chaqirish haqidagi farmonni imzoladi. Hujjat hukumat saytida e’lon qilindi.
Ushbu yig‘inlar Qurolli kuchlar, Rosgvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv birliklari, davlat himoyasi organlari va Federal xavfsizlik xizmatida o‘tkaziladi. Farmon bilan hukumat va hududiy hokimiyatlarga zaxira fuqarolarni chaqirish va yig‘inlarni tashkil etish topshirilgan.
Farmondagi to‘rtta banddan ikkitasi maxfiyligi sababli “xizmat uchun” deb belgilangan.
“Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, zaxirada deb quyidagilar hisoblanadi:
- Harbiy hisobda turadigan, ammo tinchlik davrida amaliy harbiy xizmat majburiyatlarini bajarmaydigan shaxslar (muddatli yoki shartnoma asosida xizmatni o‘tab bo‘lgan erkaklar);
- harbiy oliy o‘quv yurtlari va o‘quv markazlari (sobiq harbiy kafedralar) bitiruvchilari;
- aloqa, tibbiyot va shu kabi sohalarda harbiy mutaxassislikka ega ayollar.
2021 yil ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya zaxira shtati 100 ming kishini tashkil qilgan. Prezident yig‘inlar uchun chaqiriladigan rezervistlar sonini belgilaydi va yig‘inlar muddati ikki oydan oshmasligi kerak.
Yangi qonun ommaviy safarbarlik e’lon qilmasdan, odamlarni harbiy xizmatga jalb qilishning qo‘shimcha vositasi sifatida xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasi uchinchi va oxirgi o‘qishda fuqarolarni yil davomida – 1 yanvardan 31 dekabrgacha muddatli harbiy xizmatga chaqirish imkoniyatini belgilovchi qonunni ma’qullagandi. Hujjatga ko‘ra, harbiy komissarliklar yil davomida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, psixologik ko‘rikdan o‘tkazish, chaqiruv komissiyasi yig‘ilishlarini tashkil etishi mumkin bo‘ladi.
Live
Barchasi