“Qonun doirasida” loyihasi jurnalistlari qo‘lga olindi
3-sahifa
−
22 yanvar 13777 2 daqiqa
“Qonun doirasida” loyihasini yuritgan yurist Furqat Ro‘zmetov va uning xodimi Azamat Avezov qator jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ular bir qator fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qilgan murojaatlari yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasida qo‘lga olingan.
Gumonlanuvchilar – 1980 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan Furqat Sultonnazarovich Ro‘zmetov va 1992 yilda Urganch tumanida tug‘ilgan Azamat Ro‘zimboyevich Avezov va boshqalarga nisbatan Urganch shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jumladan:
- 139-moddasi 3-qismi “a,g” bandlari (tuhmat);
- 165-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari (tovlamachilik);
- 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari (firibgarlik);
- 198-moddasi 3-qismi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish);
- 228-moddasi 2-qismi “b” bandi va 3-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish);
- 229-moddasi (o‘zboshimchalik);
- 244-6-moddasi 3-qismi “y” bandi (yolg‘on axborot tarqatish).
Bildirilishicha, mazkur ish doirasida Furqat Ro‘zmetov va Azamat Avezov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 yanvar kuni “Taftish.uz” saytining 4 nafar xodimi tovlamachilik va firibgarlikda gumonlanib qo‘lga olingan edi. Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) va 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanib, 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda “Taftish.uz” Ommaviy axborot vositasi xodimlari 1992 yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yilda tug‘ilgan Sardor Hamidov, 2006 yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998 yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonovlar protsessual tartibda ushlangan. Hozirda ularning qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) hamda 244-6-moddasida (yolg‘on axborot tarqatish) ko‘rsatilgan jinoyatlarga aloqadorliklari tekshirilmoqda.
Shuningdek, keyinroq O‘zbekistonda “Xalqparvar Guruhi” jurnalisti 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. U Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “g” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi, 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 244-6-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Live
Barchasi