Rahmon oziq-ovqat narxlari “misli ko‘rilmagan darajada” oshishini aytdi
Olam
−
02 aprel 11946 2 daqiqa
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon “ekspertlar tahlili”ga tayanib, joriy yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxlari misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan o‘sishini ma’lum qildi. Bu haqda u joriy yil mart oyi oxirida Sug‘d viloyatining Matcho tumaniga tashrif chog‘ida faollar bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Imomali Rahmonga ko‘ra, bunga “dunyoda oxirgi paytlarda yuz berayotgan voqealar, iqlim o‘zgarishi va ularning noxush oqibatlari” sabab bo‘lmoqda. Oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishini hisobga olib, Tojikiston yetakchisi fermerlarni har bir bahorgi qulay kundan unumli foydalanishga, iste’mol bozorini mahsulotlar bilan ta’minlash va oziq-ovqat xavfsizligiga erishish uchun kuch safarbar qilishga chaqirgan.
“Suvdan va har bir qarich yerdan oqilona foydalanish milliy iqtisodiyot rivojini, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini va xalqning munosib hayotini ta’minlashning eng muhim shartidir”, deydi Rahmon.
Fursatdan foydalanib, Prezident Matcho tumani qishloq xo‘jaligi tarmog‘i vakillarining yutuqlarini qayd etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, sohadagi islohotlar mahalliy aholining katta qismini ish bilan ta’minlash va odamlar turmush darajasini oshirishga sharoit yaratgan. Tuman aholisi o‘tgan 70 yil ichida suvsiz va hosilsiz yerlarni, ya’ni Dilvarzin cho‘lini obod o‘lkaga aylantirgan.
Sug‘d viloyatiga safar davomida Rahmon qator tadbirlarda: ijtimoiy ob’ektlarning ochilishi, paxta ekish mavsumining boshlanishi va boshqalarda ishtirok etgan.
Manbalarga ko‘ra, ba’zi mahalliy fermerlar hukumat ularni bug‘doy yetishtirishdan paxtachilikka o‘tishga majburlayotganidan shikoyat qilmoqda. Joriy yilning yanvar oyida Tojikiston qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda qator shahar va tumanlarda paxtachilikni majburiy joriy etish holatlari borligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, mulozim bunday amaliyotga qarshi ekanini ta’kidlagan.
Live
Barchasi