Rafinyaning jarohati sabab “Barselona” FIFA’dan kompensatsiya oladi
Sport
−
29 mart 3435 1 daqiqa
“Barselona” braziliyalik yarim himoyachi Rafinyaning jarohati tufayli FIFA’dan kompensatsiya oladi. Bu haqda “Mundo Deportivo” nashri xabar berdi.
Ma’lumki, Rafinya joriy yilning 26 mart kuni Braziliya terma jamoasining Fransiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida jarohat olgandi. Keyinchalik kataloniyaliklar uning kamida besh hafta maydonga tusha olmasligini tasdiqladi.
FIFA’ning Klublarni himoya qilish dasturiga ko‘ra, agar futbolchi milliy jamoa safida olgan jarohati sabab kamida 28 kun o‘ynay olmasa, klubga kompensatsiya to‘lanadi. Rafinyaning holatida aynan shu mezon qo‘llaniladi. Biroq Ispaniya OAVlari bu summa futbolchining jamoa uchun ahamiyati va “Barselona”ning zich taqvimi fonida katta ahamiyatga ega emasligini ta’kidlamoqda.
Jarohati sabab Rafinya bir nechta muhim uchrashuvlarni, jumladan, “Atletiko Madrid”ga qarshi uchta o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Ularning ikkitasi Chempionlar ligasi chorak finaliga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, yarim finalning ilk o‘yinida uning ishtiroki ham so‘roq ostida.
Agar tiklanish muddati cho‘zilsa, kompensatsiya miqdori ham oshib boradi. Qayd etilishicha, 23 apreldan boshlab FIFA futbolchining har bir o‘tkazib yuborgan kuni uchun “Barselona”ga 20 548 yevro to‘laydi. Agar u taxminan besh hafta safdan chiqsa, klub kamida 143 836 yevro miqdorida tovon puli oladi.
Live
Barchasi