Rasman! Masharipov JCHda ishtirok etmaydi
Sport
−
16 iyun 6733 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Jaloliddin Masharipov jarohati sababli Jahon chempionatida ishtirok etmaydi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Masharipov uzoq muddat o‘yin amaliyotisiz qolgan va mashg‘ulotlarda to‘liq ishtirok etolmagan. Futbolchini tezroq safga qaytarish va tiklash maqsadida tibbiy shtab tomonidan zarur choralar ko‘rildi va individual tayyorgarlik dasturi asosida ish olib borilgan.
O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar tahlili FIFA tibbiy qo‘mitasiga taqdim etilgan. Qo‘mita holat yuzasidan o‘rganish olib borib, futbolchining Jahon chempionatida ishtirok etolmasligini ma’lum qilgan. Uning o‘rniga yakuniy ro‘yxatga Ruslanbek Jiyanov kiritildi.
“Jaloliddin Masharipovga tezroq sog‘ayib, safga qaytishini tilab qolamiz”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi joriy yilning 18 iyun kuni Kolumbiya terma jamoasiga qarshi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Ushbu bahs Toshkent vaqti bilan tongi soat 07:00 da Meksikadagi “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng, terma jamoa 23 iyun kuni Portugaliya bilan, 27 iyun kuni esa Kongo Demokratik Respublikasi bilan bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Masharipov AQSHdagi yig‘in davomida bel qismidagi og‘riqlar bilan bog‘liq muammo sabab so‘nggi mashg‘ulotlarda, shuningdek, Kanada va Niderlandiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etolmagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi