Rasman: Qurbon hayitining birinchi kuni 27 mayga to‘g‘ri keladi
Jamiyat
−
20 may 4215 2 daqiqa
Bu yil O‘zbekistonda Qurbon hayiti 27 may kuni nishonlanadi. Bu haqda bugun, 20 may kuni Prezidentning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Qurbon hayitini munosib nishonlash, mamlakatda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2026 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 27 may – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatda 27 may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlananadi.
Quyidagilar ma’lumot uchun qabul qilinadi:
Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, Qurbon hayitning birinchi kuni ishlanmaydigan bayram kuni sifatida belgilangan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 24 dekabrdagi “2026 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–257-son Farmoni bilan quyidagilar qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilandi:
- ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2026 yilning 28 may – payshanba, 29 may – juma kunlari;
- olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 30 may – shanba kuni.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratadi.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etiladi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Sardor Umurzoqov zimmasiga yuklanadi.
Live
Barchasi