“Real” murabbiyligi uchun yana bir nomzod ma’lum bo‘ldi 

Sport

image

“Real Madrid” rahbariyati kelasi mavsum uchun murabbiylar shtabida jiddiy o‘zgarishlarni rejalashtirmoqda. Madrid klubi jamoani vaqtincha boshqarayotgan Alvaro Arbeloa o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan nomzodlar ro‘yxatiga Maurisio Pochettinoni qo‘shdi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.  

Manbaga ko‘ra, “Real Madrid” jamoaning hozirgi murabbiyi Arbeloani uzoq muddatli yechim sifatida ko‘rmayapti.

Xabarlarga ko‘ra, Arbeloa o‘z lavozimini saqlab qolishi uchun joriy mavsumda Chempionlar ligasida g‘olib chiqishi yoki Ispaniya chempionatida “mo‘’jiza” ko‘rsatishi talab etiladi. Aks holda, u yozda o‘zining eski lavozimi “Kastiliya” (dubl jamoa) murabbiyligiga qaytarilishi mumkin.

Madrid klubi rahbariyatini aynan Pochettinoning “Pari Sen-Jermen”da Kilian Mbappe bilan ikki mavsum davomida muvaffaqiyatli ishlagani va birgalikda uchta sovrin yutgani qiziqtirmoqda.

Qiziqarli tomoni shundaki, Pochettinoga uning sobiq klubi “Tottenxem” ham da’vogarlik qilmoqda. Londonliklar ayni damda Premer-ligada og‘ir inqirozni boshdan kechirib, hatto quyi ligaga tushib ketish xavfi ostida turibdi.

Ma’lumot uchun, Pochettino hozirda AQSH terma jamoasini boshqarmoqda, biroq uning shartnomasi 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng yakuniga yetadi va u klub futboliga qaytish istagini yashirmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Maurisio Pochettino “Real Madrid” Al'varo Arbeloa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing