Rim papasi Ilon Maskning boyligi ortishini qoraladi
Olam
−
15 Sentabr 4944 2 daqiqa
Rim papasi Leo XIV dunyoning eng boy odamlaridan biri – Ilon Maskning trillioner bo‘lishi ortidan dunyo katta baloga duch kelishini aytdi. Bu haqda papa “Crux” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Papaning so‘zlariga ko‘ra, u dunyoda inson hayotining, oilaning va jamiyatning qadri unutilib borayotganidan qattiq xavotirda.
“Aytishlaricha, Ilon Mask dunyodagi birinchi trillioner bo‘lar emish. Bu nimani anglatadi? Agar endi yagona qadriyat shunday narsadan iborat bo‘lsa, demak, biz katta balodamiz”, degan Leo XIV.
Papaning ta’kidlashicha, shuningdek, Vatikan Ukrainadagi mojaro bo‘yicha hech bir tarafni tanlamaydi.
“Muqaddas taxt, mojaro boshlanganidan buyon haqiqatan ham neytral bo‘lib qolish uchun katta sa’y-harakatlar qildi. Biz hali ham umid qilamiz. Men hech qachon umidni yo‘qotmasligimiz kerakligiga ishonaman”, degan papa.
Leo XIV muammolarni hal etishda BMTning roli haqida gapirarkan, tashkilotni o‘z kuchidan ayrilganini bildirdi.
“Afsuski, hozirda ko‘pchilik tan olganidek, BMT odamlarni birlashtirish qobiliyatini yo‘qotgan ko‘rinadi”, degan u.
Pontifik futbol bo‘yicha bergan javobida esa ko‘p vaqtini Peruda o‘tkazganini eslab, jahon chempionatida ehtimol, ushbu mamlakat terma jamoasiga muxlislik qilishini aytdi.
“Ammo men Italiya jamoasining ham katta muxlisiman”, deya qo‘shimcha qilgan papa.