Ronalduga JCH ochilish o‘yinida ishtirok etishga ruxsat berildi
Sport
−
26 noyabr 2107 2 daqiqa
Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu FIFA tomonidan uch o‘yinga berilgan diskvalifikatsiyaning so‘nggi ikki qismi shartli ravishda to‘xtatilganidan so‘ng, kelasi yilgi Jahon chempionatining birinchi o‘yinlarida maydonga tushishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda FBC news xabar berdi.
Ronaldu noyabr oyidagi xalqaro tanaffus payti Yevropa saralashi doirasidagi Portugaliya – Irlandiya uchrashuvida (0:2) himoyachi Dara O’Shiga tirsagi bilan zarba bergani uchun maydondan chetlatilgan edi.
Qizil kartochka tufayli u Portugaliyaning guruh bosqichidagi yakuniy uchrashuvini o‘tkazib yuborgan. Shundan so‘ng FIFA 40 yoshli hujumchiga uch o‘yinga diskvalifikatsiya berilganini tasdiqladi. Biroq tashkilot ushbu jazoni ikki o‘yinga, takror qoidabuzarlik sodir etilmagunicha shartli ravishda to‘xtatib qo‘ydi.
“FIFA Tartib-intizom kodeksining 27-moddasiga muvofiq, qolgan ikkita o‘yinning ijrosi bir yillik sinov muddati bilan to‘xtatildi. Agar Krishtianu Ronaldu sinov muddati davomida shunga o‘xshash xususiyat va og‘irlikdagi qoidabuzarlik sodir etsa, to‘xtatilgan diskvalifikatsiya avtomatik tarzda kuchga kiradi va ikki o‘yinlik jazo Portugaliya terma jamoasining keyingi rasmiy o‘yinlarida qo‘llaniladi”, deyiladi FIFA bayonotida.
FIFA ta’kidlagan 27-modda tashkilotning sud organlariga jazo choralarini to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish huquqini beradi. Biroq bayonotda taqiqning aynan nima sababdan yumshatilgani batafsil izohlanmagan.
Shu tariqa, Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi sharafini himoya qilayotgan va iyun oyida shartnomasini 2027 yilgacha uzaytirgan Ronaldu o‘zining oltinchi Jahon chempionatining dastlabki uchrashuvlarida maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigeslarning uzoq kutilgan to‘y marosimi Ronalduning tug‘ilgan shahri Funshalda bo‘lib o‘tishi, nikoh marosimi 2026 yilgi Jahon chempionatidan keyin yozda Funshal katolik cherkovining yirik markaziy ibodatxonasida o‘tkazilishi, ziyofat esa hashamatli mehmonxonada davom ettirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi