Rossiya ham yangi kupyurani muomalaga kiritdi

Olam

image
Suriya yangi valyutani muomalaga kiritmoqda north_east

Suriya yangi valyutani muomalaga kiritmoqda

Rossiya Markaziy banki Volga federal okrugi ramzlari tushirilgan, 1000 rubl nominal qiymatdagi yangilangan kupyurani taqdim etdi. U bugun, 26 dekabrdan rasman muomalaga kiritilgan. Bu haqda RBK xabar berdi.

Qayd etilishicha, banknota Nijniy Novgorod va Volga federal okrugiga bag‘ishlangan. Old tomonidagi asosiy tasvir – Nijniy Novgorod Kremlining Nikolskaya minorasi. Orqa tomonida esa Saratov avtomobil ko‘prigi, “Meteor-120R” suvusti qanotli kemasi hamda Qozondagi Dehqonchilik saroyi tasvirlangan. Avvalgi kupyura kabi yangi banknota ham ko‘kimtir rangda ishlangan.

“Yangi banknota darhol muomalaga kirmaydi. Banklar va savdo-xizmat ko‘rsatish korxonalariga banknotalarni qabul qilish va qayta ishlash uskunalarini sozlash uchun vaqt kerak bo‘ladi. Bu jarayon odatda bir yildan bir yarim yilgacha davom etadi”, deydi Rossiya Markaziy banki raisi o‘rinbosari Sergey Belov.

U, shuningdek, eski kupyuralar yangilari bilan birga eskirguniga qadar muomalada qolishini qo‘shimcha qilgan.

“Banknotalar ma’lum davriylikda modernizatsiya qilinishi kerak. Bu nafaqat ularning chiroyli va zamonaviy ko‘rinishi uchun, balki eng avvalo qalbakilashtirishdan himoya darajasini oshirish uchun zarur”, deya izohlagan Belov yangilash zaruratini.

Bungacha Rossiya Markaziy banki 2022 yilda 100 rubl, 2023 yil oktyabrida esa 5000 rubl nominalidagi yangilangan banknotalarni chiqargan.

Belovning aytishicha, yangi kupyuralarda himoya tizimi sezilarli darajada kuchaytirilgan.

“Biz har bir inson mustaqil tekshira oladigan elementlarni murakkablashtirdik – banknotani qiyalatganda, qo‘l bilan ushlaganda yoki yorug‘likka tutib ko‘rganda aniqlanadigan belgilarni. Shuningdek, bankomatlar, to‘lov terminallari va boshqa avtomatik qurilmalar tomonidan o‘qiladigan – mashina o‘qiy oladigan himoya belgilariga alohida e’tibor qaratdik”, deydi Belov.

Qayd etish joiz, bu – 1000 rubllik banknotani chiqarishga ikkinchi urinish. Birinchi urinish 2023 yilda bo‘lgan. O‘shanda Rossiya Markaziy banki Volga federal okrugiga bag‘ishlangan yangi 1000 rubllik kupyurani muomalaga chiqargan. Ammo banknotaning orqa tomonidagi dizayn jamoatchilikda keskin bahs-munozaraga sabab bo‘ldi. Unda Qozondagi Syuyumbike minorasi (uning tepasida yarim oy bor) va yonida Tatar xalqining davlatchiligi tarixi muzeyi tasvirlangan edi. Ushbu muzey binosi ilgari Saroy cherkovi bo‘lgan. Muhim jihati shundaki, sovet davrida bu binodan xristianlik xochi olib tashlangan, ammo yangi banknotada u qayta tiklanmadi. Shu sababli ayrim doiralar buni diniy ramzlarga nisbatan biryoqlama yondashuv deb baholadi. Aynan shu holat “xoch mojarosi”ga sabab bo‘lgan va oqibatda Markaziy bank banknotani qayta ishlab chiqishga majbur bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonda 500 tengelik yangi dizayndagi banknotalar muomalaga chiqarilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya kupyura 1000 rubl'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing