Rossiya Bosh vaziri Toshkentga keladi
Jamiyat
−
16 iyun 3332 1 daqiqa
Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin 16–17 iyun kunlari amaliy tashrif bilan Toshkent shahrida bo‘ladi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
U tashrif doirasida O‘zbekiston rahbariyati bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnologik hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladi.
Rossiya hukumati matbuot xizmati ma’lum qilishicha, muzokaralarda energetika, jumladan tinch atom energetikasi, sanoat, transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa yo‘nalishlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
Mishustin, shuningdek, V Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlarida ham ishtirok etadi.
Rossiya hukumati apparati ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokida 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Rossiyada esa o‘zbekistonlik sarmoyadorlar ishtirokida 700 dan ortiq kompaniya mavjud.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda Rossiya ishtirokida umumiy qiymati 4 trillion rublga teng 150 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Rossiyaning 82 ta hududi O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, hududlararo hamkorlik bo‘yicha 70 dan ortiq kelishuv imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rafiqasi hamrohligida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi.
Live
Barchasi