“Gitler” 15 sutkaga qamalishi mumkin

Olam

image
Rossiyaning Sverdlovsk viloyatidagi Nijniy Tagil shahrida pitssa buyurtmasini “Adolf Gitler” nomi bilan rasmiylashtirgan talaba politsiya tomonidan ushlandi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Mahalliy politsiya ma’lumotiga ko‘ra, yigit shahardagi savdo markazlaridan birida pitssa sotib olish uchun buyurtma bergan va o‘zini “Adolf Gitler” deb tanishtirgan. Hodisadan so‘ng politsiya va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘linmasi xodimlari buyurtma bergan shaxsni aniqlab, qo‘lga olgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Timofey ismli gumonlanuvchi – Qurilish kolleji talabasi ta’lim muassasasining o‘zida ushlangan. Politsiya vakillarining bildirishicha, talaba qo‘lga olinganidan so‘ng qilgan ishidan pushaymon bo‘lgan, ko‘z yoshlarini tiyib tura olmagan holda uzr so‘ragan. U o‘zining natsist emasligi va bunday g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan.

Timofey bu harakatining ma’nosini to‘liq anglamaganini bildirgan. Shunga qaramay, unga nisbatan fashizmni targ‘ib qilish bo‘yicha ma’muriy ish ochilgan. Agar aybi tasdiqlansa, unga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Shuningdek, politsiya rahbariyati kollej direktori nomiga rasmiy taqdimnoma kiritib, talabalar o‘rtasida vatanparvarlik tarbiyasi va profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirishni talab qilishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bin Lodin” Turkmanistondagi qamoqxonada vafot etgani xabar qilingandi.

Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Gitler

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing