Rossiya droni Ruminiyadagi turarjoy binosiga borib urildi (video)

Olam

image

Bugun, 29 mayga o‘tar kechasi Ruminiyaning Galats shahrida uchuvchisiz uchish apparati (dron) ko‘p qavatli turarjoy binosi ustiga quladi. Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda Ruminiya Favqulodda vaziyatlarga chora ko‘rish xizmati xabar berdi.

Taxminan soat 02:42 atrofida OAVda Ruminiyaning Galats shahrida dron turarjoy binosiga urilgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘la boshlagan. Bu Rossiyaga tegishli dron ekanligi taxmin qilingan, chunki aynan o‘sha paytda Rossiya kuchlari Ukrainaning Odessa viloyatiga (Galats shahri ushbu hududga yaqin joylashgan) dronlar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirayotgan bo‘lgan.

“Dastlabki xabarlarga ko‘ra, Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparati Ruminiyaning Galats shahridagi ko‘p kvartirali uyga kelib urilgan. Hodisa rasmiy idoralar “atrofdagi havo makonidan buyumlar qulashi ehtimoli” haqida ogohlantirish e’lon qilganidan ko‘p o‘tmay yuz bergan”, deb yozadi “Faytuks Network” nashri.

Biroz vaqt o‘tgach, uchuvchisiz apparat bilan bog‘liq hodisani Favqulodda vaziyatlarga chora ko‘rish xizmati ham tasdiqlagan. Ularning bayonotiga ko‘ra, dron turarjoy binosiga qulagan, zarba oqibatida portlash yuz bergan va uyning 10-qavatidagi xonadonda yong‘in kelib chiqqan.

“Hodisa oqibatlarini bartaraf etish va hudud xavfsizligini ta’minlash uchun voqea joyiga Galats shahar kuch va vositalari, Ichki ishlar vazirligining boshqa bo‘linmalari hamda Ruminiya Razvedka xizmatining (SRI) ixtisoslashgan guruhlari yetib bordi. Yong‘in chiqqan xonadon ichida bo‘lgan ikki kishi mustaqil ravishda evakuatsiya bo‘lishga ulgurgan. Hozirgi soatgacha qurbonlar aniqlanmagan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Keyinchalik bayonot yangilangan. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, yengil shikastlangan (tilingan, shilingan joylari bor) ikki kishiga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shuningdek, qutqaruvchilar yong‘inni butunlay o‘chirgan.

Ayni paytda voqea joyiga portlashlar bo‘yicha ixtisoslashgan tergov guruhi yo‘l olgan. Uning tarkibiga Ruminiya Politsiya bosh inspeksiyasi huzuridagi Jinoiy qidiruv boshqarmasi va Milliy kriminalistika instituti xodimlari kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva Prezidenti Gitanas Nauseda va Bosh vazir Inga Ruginene Xavsizlik xizmatining dron hujumlar haqidagi ogohlantirish signalidan so‘ng hukumat a’zolari bilan maxsus bunkerga yashiringandi. O‘sha kuni Estoniya ham o‘z hududiga uchib kelayotgan Rossiyaning Ukrainaga yo‘naltirgan dronini urib tushirgan. Xavfsizlik xizmati mutaxassislarining aytishicha, trevogaga sabab bo‘lgan uchoq Ukrainaning Rossiya tomonga yo‘llagan “izidan chiqib ketgan” droni bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya dron Ruminiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing