Rossiyada migrantlarga qarshi reydlar boshlandi (video)
Olam
−
28 may 3899 1 daqiqa
Rossiyaning Leningrad viloyati Novosele posyolkasidadagi qurilish maydonlarida migrantlarga qarshi reydlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg shahri bo‘yicha bosh boshqarmasi xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar reyd davomida 527 nafar xorijlikning hujjatlarini tekshirgan. Ulardan 55 nafari politsiya bo‘limlariga olib ketilgan. Keyinchalik 28 kishida migratsiya qonunchiligini buzish holatlari aniqlangan va ularga nisbatan deportatsiya chorasi ko‘rilishi bildirilgan. Reydda politsiya, kinologlar, Rosgvardiya, Federal xavfsizlik xizmati va Federal qo‘riqlash xizmati xodimlari ishtirok etgan.
Ma’lum qilinishicha, bir necha kun oldin ham Sankt-Peterburgdagi yirik riteyl tarmoqlari do‘konlarida noqonuniy migrantlarni aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazilgan. Unda 300 kishi tekshirilib, ulardan 71 nafari xorijlik ekani ma’lum bo‘lgan.
Turli OAVlarning xabarlariga ko‘ra, ketma-ket olib borilayotgan bunday reydlar, ayniqsa, markaziy osiyolik migrantlarga qarshi so‘nggi vaqtlarda avj olmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi