Rossiya Kirkning o‘ldirilishiga munosabat bildirdi

Olam

image

Amerikalik faol Charli Kirkning o‘ldirilishi dahshatli jinoyat edi, jinoyatchi va unga aloqadorlar topilishi kerak. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Biz jinoyatchining o‘zini va bu dahshatli jinoyatga aloqador bo‘lgan shaxslarni topishimiz kerak. Kim buni qilganini tushunmagunimizcha, hech qanday erta xulosa chiqara olmaymiz”, degan rossiyalik diplomat.

Amerika Prezidenti Donald Trampning faol targ‘ibotchisi Charli Kirk kecha, 10 sentyabr kuni Yuta shtatida, universitetdagi nutqi chog‘ida bo‘ynidan o‘q yeb, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik AQSH Prezidenti Donald Tramp uning vafot etganini e’lon qilib, mamlakat bo‘ylab bayroqlarni tushirishni buyurgandi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay uning o‘ldirishda ayblanib, bir gumonlanuvchi qo‘lga olindi, ammo u so‘roq qilingach, qo‘yib yuborildi. Yuta shtati Jamoat xavfsizligi komissari Bo Meyson qotil hanuz ozodlikda ekanini aytib, u haqida ma’lumotlar faqatgina kuzatuv kameralaridan olinganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi qora kiyimda bo‘lgan va uzoq masofadan, ehtimol, tomdan o‘q uzgan.

Charli Kirk kim edi?

31 yoshli Charli Kirk AQSHdagi eng mashhur konservativ faollardan biri edi. U 2012 yilda, 18 yoshida, biznesmen Bill Montgomeri bilan birga Turning Point USA tashkilotiga asos soldi. Bu nodavlat tuzilma talabalar orasida erkin bozor, cheklangan hukumat va “an’anaviy qadriyatlar”ni targ‘ib qiladi. Bugungi kunda Turning Point USA’ning 850 dan ortiq universitetlarda bo‘limlari mavjud.

Kirk mamlakat bo‘ylab universitetlarda ochiq debatlar o‘tkazar, podkastlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol edi. U Trampning saylov kampaniyasida yoshlarni safarbar qilishda muhim rol o‘ynagan, ayniqsa, Arizonada ko‘p minglab yangi saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashgan. Bu esa Trampning shtatdagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. Kirk Trampning inauguratsiyasiga taklif qilingan va doimiy ravishda Oq uy tadbirlarida ishtirok etgan. Tramp uni yoshlar orasidagi mashhurligi uchun muhim shaxs sifatida tilga olgan.

 Ma’lumot uchun, Kirkning ayoli va ikki farzandi bor edi.


Maqola muallifi

Teglar

Mariya Zaxarova Turning Point USA Charli Kirk

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing