Qatar Isroilga qarshi barchani bir joyga to‘plamoqda – Weekend
Tahlil
−
14 Sentabr 16523 11 daqiqa
Rossiya NATO hududiga hujum qilgani, Isroil esa Qatarga zarba bergani uchun dunyo davlatlari keng muhokamalarni boshlab yubordi. Ushbu voqeliklar atrofidagi keskinlik yuqori darajada.
Kutilmaganda bosh ko‘tarib qolgan nepallik bolalar ancha xovuridan tushdi. Ular o‘zlariga yetkachi tanladi va uni hukumatga o‘tkazishga erishdi.
Trampning qo‘rqinchli tushi yana faollashdi. Nyu-Yorkning ilk musulmon meri bo‘lishi kutilgan Zohran Mamdani qolgalardan ancha oldinda. Boz ustiga u mer bo‘lsa, Netanyaxuni hibsga olishga tayyor.
Joriy haftada balki yil qotilligi bo‘lishga nomzod voqeaning gumondori ushlandi. Charli Kirkni 22 yoshli yigit o‘ldirganlik ayblanmoqda.
Joriy hafta davomida jahonda sodir bo‘lgan shu kabi voqealar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.
Nyu-Yorkning bo‘lajak meri Netanyaxuni qamamoqchi
AQSH siyosatida allaqachon katta mashhurlikka erishib ulgurgan Zohran Mamdani yana e’tibor markaziga qaytdi. Siyosiy qadriyat va prinsiplari bo‘yicha sotsialist bo‘lgan bu yosh siyosatchi Nyu-York meri lavozimiga saylanish imkoniyati yuqori bo‘lgani bois dunyo e’tiboriga tushgandi. Ammo uning mashhurligi ortida, asosan, ikki sabab yotadi. Bu Zohran Mamdanining musulmon ekani va agarda merlikka saylansa, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Nyu-Yorkka kelsa, uni hibsga olishga va’da berib kelishidir. Zohran o‘zining ushbu saylovoldi va’dasini joriy haftada yana takrorladi.
Qizig‘i shundaki, ayni damda u Nyu-Yorkning bo‘lajak meri bo‘lishga har qachongidanda yaqin. So‘nggi so‘rovlar Mamdanining imkoniyatini juda yuqori baholamoqda. NYT tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, Nyu-York meri lavozimiga nomzod bo‘lgan 4 nafar siyosatchi orasida eng oldinda ketmoqda va o‘zining eng yaqin taqibchisi bo‘lgan Endryu Kuomoda ancha ilgarilab ketgan.
Masalan, Zohran Mamdaniga ovoz bermoqchi bo‘lganlar naqd 46 foizni tashkil qilmoqda. Kuomoda esa bu ko‘rsatkich bor yo‘g‘i 24 foizni tashkil etadi. Yana bir nomzod Kyortisa Slivada 15 foiz bo‘lsa, o‘zbek tadbirkorlari bilan otamlashganlikda gumon qilingan Erik Adamsning natijasi 5 foizgina xolos. To‘g‘ri, bu hozircha faqatgina oddiy so‘rovnoma. Ammo Zohranning mazkur so‘rovlarda sezilarli farq bilan ustunlik qilishi uning keyingi Nyu-York meri bo‘lishi haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirmoqda.
Saylovda yaqqol favoritga aylangan Zohran Mamdaniga alohida to‘xtaladigan bo‘lsak, u Amerika Demokratik Sotsialistlari a’zosi. Uning ota-onasi hind musulmonlari bo‘lib, Mamdani Ugandaning Kampala shahrida tug‘ilgan va 2018 yilda Amerika fuqaroligini olgan. Mamdani shia musulmoni hisoblanadi. U Men shtatidagi Bovdoin kollejida o‘qigan va u yerda maktabning Falastinda adolat uchun talabalar bo‘limiga asos solgan. 2014 yilda kollejni Afrika tadqiqotlari bo‘yicha bakalavr darajasi bilan tamomlagan. Nyu-Yorkning ilk musulmon meriga aylanish imkoniyatiga ega Mamdani saylovda g‘olib bo‘lsa, Netanyaxuni hibsga olish uchun harakat qilishini ancha vaqtdan buyon aytib keladi.
Albatta, G‘azo "qassobi" Nyu-Yorkka tashrif buyurgudek bo‘lsa, Mamdanida nazariy jihatdan qisman bo‘lsada bunday imkoniyat mavjud bo‘ladi. Ammo amaliy tomondan bu mutlaqo imkonsizdek ko‘rinmoqda. Chunki birinchi navbatda AQSH Netanyaxuni hibsga olishga order bergan XJSning Rim statutini ratifikatsiya qilmagan. Shu bois, federal miqyosda Qo‘shma Shtatlar bunday majburiyatni bajarishga majbur emas. Bundan tashqari, Amerika nashrlari Netanyaxuni hibsga olish – federal qonunni buzish ekani haqida yozmoqda. Biroq, nima bo‘lgan taqdirda ham Zohran Mamdanining bu va’dasi Nyu-Yorkda juda kuchli reaksiyaga sabab bo‘lishi va uning reytingini ko‘tarib yuborishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Nepallik isyonchi bolalar o‘ziga bosh topishdi
Nepalda bolalar inqilobi sodir bo‘lgach, yosh avlod mamlakat hukumatiga kattagina saboq berib qo‘ydi. Maktab o‘quvchilaridan tortib, asosan, 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘zlarida shakllanib kelgan nafratni to‘kib-sochdi. Parlament va vazirliklar binolari egallandi, yoqildi va shikast yetkazildi. Namoyishlarda jami hisobda 51 kishi halok bo‘ldi, 1300 dan ortiq inson yaralandi. Ular Bosh vazirdan tortib Prezidentgacha barcha barcha amaldorlarni tavbasiga tayantirdi. Dastlab yoshlarning aniq bir yetakchisi yo‘qligi sabab hukumat kim bilan gaplashishi noqaniq edi. Bu orada Nepal hukumati ag‘darildi. Bosh vazir va qator vazirlar istefoga chiqib, vertolyotlarda evakuatsiya qilindi. Inqiroz sharoitida sobiq bosh vazir Sharma Oli, Ichki ishlar vaziri va yana ikki vazir g‘azabga to‘lgan Nepal yoshlaridan panaga qochishga ulgurdi.
Vaziyat izdan chiqdi, ammo oradan ko‘p o‘tmay nepallik yoshlar hovuridan tushishdi. Chunki ular ishni hukumatga o‘zlari xohlagan insonni olib kelish bilan yakunladi. Nepal Oliy sudining sobiq sudyasi Sushila Karki muvaqqat bosh vazir etib tayinlandi. Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudel 73 yoshli ushbu ayolni bu lavozimga tayinladi va Karki 12 sentyabr kuni qasamyod qildi. Shunday qilib, Karki Nepaldagi birinchi ayol Bosh vazirga aylandi. Uning nomzodi yosh namoyishchilar yetakchilari tomonidan taklif qilingan. Chunki Karki Z-avlod noroziliklarining eng asosiy sababi bo‘lgan mamlakatdagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yaxshi tanilgan. U endilikda Nepal Vazirlar Mahkamasiga 2026 yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan keyingi saylovlarga qadar rahbarlik qilishi kutilmoqda. Bungacha esa Bosh vazir lavozimiga rep yulduzi va sobiq telejurnalist kabi ikki nomzod ilgari surilgandi, Ammo yakunda bolalar va o‘smirlar tomonidan sudya Sushila Karki tanlandi.
Kirkning bevasi uning ishini davom ettirmoqchi
Konservativ faol, an’anviy qadriyatlar targ‘ibotchisi, Isroilning G‘azodagi genotsidlarini yoqlab kelgan va Prezident Donald Trampning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Charli Kirkning otib o‘ldirilishi joriy haftada butun dunyo e’tiborini torgan voqelik bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, 33 soat ichida uni o‘ldirishda gumonlanib, 22 yoshli Tayler Robinson hibsga olindi. Hodisa joyida topilgan miltiq va o‘q-dorilarda antifashistik xabarlar o‘yib yozilgani aniqlandi. Robinson ishlatgan va universitet yaqinidagi o‘rmonzorga tashlab ketgani aytilayotgan miltiqning o‘q gilzalaridan “O bella chao” degan so‘zlar topilgan bo‘lib, bu italyancha antifashistik qo‘shiqqa ishora qiladi. Uning oila a’zolaridan biri tergovchilarga Robinson so‘nggi yillarda ko‘proq siyosiylashgani va ayniqsa, Kirkka qarshi chiqqanini ma’lum qilgan.
Yuta shtati gubernatori Spenser Koksning aytishicha, 11 sentyabr kechasi Robinsonning qarindoshlaridan biri oilaviy do‘stiga murojaat qilgan va o‘sha do‘st Vashington okrugi sherifiga xabar bergan. Robinson “yaqinlariga jinoyatni sodir etganini tan olgan yoki shunga ishora qilgan”. Koksning so‘zlariga ko‘ra, Robinsonning qarindoshlaridan biri tergovchilarga yaqindagi oilaviy kechki ovqatda u Kirkning Yuta Vodiysida bo‘lib o‘tadigan tadbiri haqida gapirganini, “Kirkni nega yoqtirmasligini va uning qarashlari haqida munozara qilganini” aytgan. Robinson Yuta shtatidagi Vashington shahrida o‘sgan va 2021 yilda Sent-Jorj'dagi Pine View maktabini tugatgan. U o‘rta maktabdagi yaxshi ta’lim natijalari uchun Yuta davlat universitetiga grant yutib olgan, ammo bir semestrdan keyin o‘qishini tashlab ketgan. Ijtimoiy tarmoqdagi suratlarda Robinson politsiya tarqatgan gumonlanuvchi tasvirlaridagi kabi kulrang Converse oyoq kiyimi va ko‘zoynak taqqanini ko‘rish mumkin.
Kirkning o‘limi shubhasiz katta voqelik bo‘ldi. Chunki u juda ziddiyatli shaxs sifatida tanilgan. Masalan Charli qanday odam bo‘lganiga bir so‘z bilan aniq ta’rif berish qiyin. Chunki u bir tomondan insoniy qadriyatlar, jumladan, oila institutining muhimligi va boshqa shunga o‘xshash prinsiplarni targ‘ib qilgan bo‘lsa, boshqa tomondan Isroilning G‘azodagi genotsidini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan. U hatto Falastinning mavjudligiga ham qarshi bo‘lgan ultraisroilparast figura edi. Endilikda esa uning mazkur targ‘ibotlarini o‘limidan so‘ng bevasi Erika Kirk davom ettirmoqchi. 12 sentyabr kuni Erika marhum erining o‘rindig‘i yonida turib, bayonot berdi. Unga ko‘ra, Charlining harakatlari o‘lmaydi va bunga Erika yo‘l qo‘ymaydi. Bundan tashqari, Erika Charlining o‘limiga sababchi bo‘lganlar endilikda bir beva ayolning yuragida qanday olov yoqqanini tasavvur ham qila olmasligini aytdi.
Kirkning bevasi, shuningdek, AQSH Prezidenti Donald Tramp, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens va eriga “g‘amxorlik ko‘rsatgan” barcha tarafdorlariga minatdorlik bildirdi.
Erika Kirkning o‘ziga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, u tadbirkor va Miss Arizona USA tanlovi g‘olibasi bo‘lib, hozirda Bibliya tadqiqotlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilmoqda. U turmush o‘rtog‘i bilan 2018 yilda tanishgan va undan o‘g‘il va qiz farzand ko‘rgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Erika Kirk va uning bir yoshli o‘g‘li, uch yoshli qizi eri otib tashlangan vaqtda tomoshabinlar orasida bo‘lgan.
Qatar hammani bir joyga to‘plamoqda
Isroilning Dohaga qilgan hujumidan so‘ng, 11 sentyabr kuni Qatar Arab va Islom mamlakatlarining favqulodda sammitini chaqirdi. Qatar Bosh vazirining maslahatchisi Majid bin Muhammad Al Ansoriy Isroil harakatlarini qoralash kun tartibidagi asosiy masala bo‘lishini tasdiqladi. Sammitni shunday qisqa vaqt ichida tashkil etish so‘nggi fojiali voqealar fonida Qatar hamda Arab va Islom birdamligini namoyish etish ekani aytilmoqda. Dohada bo‘lib o‘tadigan sammit Isroilning Qatar hududiga so‘nggi havo hujumlarini qat’iy qoralagan rezolyutsiyani qabul qilishga qaratilgan. Shuningdek, mamlakatlar Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlarini to‘xtatish, Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash to‘g‘risidagi hujjatni kiritish niyatida.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa arab-islom sammiti arafasida Isroilga tashrif buyurdi. Uning mazkur tashrifi sharq davlatlari Qatar bilan birdamlik e’lon qilgan bir paytda Vashingtonning Isroilni qo‘llash ramzi bo‘lishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, arab-islom mamlakatlari sammitida davlat rahbarlari ham ishtirok etishi kutilmoqda. Jumladan, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Dohaga tashrifi sammitning jiddiy ruhda o‘tishini ta’minlashi mumkin. Eron va Iroq rahbarlarining ham 15 sentyabrda Dohaga borishi tasdiqlangan. Sammitning birinchi kunida Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilish o‘tkazadi. Ikkinchi kunida esa davlat rahbarlari Isroilning Yaqin Sharqdagi jinoyatlariga barham berish bo‘yicha muhokama o‘tkazishi aytilmoqda.
Bungacha esa Qatarning o‘zi AQSH bilan mazkur masalani muhokama qilgani aytildi. Xususan, AQSH Prezidenti Donald Tramp 12 sentyabr kuni Qatar Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdulrahmon Ol Soniy bilan uchrashgan. Uchrashuvda nimalar muhokama qilinganiga aniqlik kiritilmagan, ammo tomonlar Isroilning Dohaga bergan zarbasini, shuningdek, G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar haqida gaplashgan bo‘lishi mumkin.
Ayni damda esa ko‘plab arab davlatlari hamda mintaqaga yaqin musulmon mamlakatlar Isroilning keyingi qadamlaridan xavotirda. Netanyaxu Dohaga zarba berganidan so‘ng, HAMAS yetakchilariga joy bergan qolgan davlatlarga ham tahdid qilgandi. Shundan keyin Misr bu borada Isroilni ogohlantirdi va Dohaga qilingan hujum Misrga ham uyushtiriladigan bo‘lsa, Qohira ham Tel-Avivga huddi shunday javob qaytarishi aytildi. Qatar esa allaqachon o‘z ittifoqchilari va yaqin hamkorlari bilan aloqada. Rasmiy Doha Isroilga turli javob choralarini qo‘llash imkoniyatlarini muhoka qilyapti. Ustiga ustak, Eronning yuqori martabali mulozimlarining Qatarga kelishi ham Isroil uchun yoqimli voqelik emas. Shunday qilib, forslar va turklarni ham o‘z ichiga olgan arab va islom davlatlari sammiti bir qarashda Isroilga nihoyat amaliy javob qaytaradigandek ko‘rinmoqda. Ammo bu favqulodda yig‘in yana qoralash rezolyutsiyasi va boshqa quruq qog‘ozlar jamlanmasidan iborat natijasiz siyosiy tadbir bo‘lish ehtimoli ham yuqori.
NATO va Rossiya urush yoqasida turibdi
Rossiya droni bir necha kun oldin Polsha havo hududiga kirib kelganidan keyin Yevropaning sharqiy qanotini himoya qilishni kuchaytirish tashabbusi bilan NATO yangi operatsiya boshlashga qaror qildi. “Sharqiy qo‘riqchi” deb nomlangan bu operatsiyada Daniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya va boshqa davlatlar ishtirok etadi. Tashkilot Bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya dronlarining “xavfli va qabul qilib bo‘lmaydigan” havo hujumi “yagona holat” emasligi, Moskva NATOning sharqiy chegaralarini hurmat qilmayotganidan nolidi.
Alyansning Yevropadagi Oliy qo‘mondoni, AQSH generali Aleksus Grinkevichning ta’kidlashicha, operatsiya “moslashuvchan va tezkor” bo‘ladi, unda kuchaytirilgan imkoniyatlar, havo va yerdagi mudofaa tizimlarining uyg‘unlashtirilishi hamda ittifoqdoshlar orasida ma’lumot almashinuvining oshishi ko‘zda tutilgan. Grinkevich operatsiyaning to‘liq amalga oshishi uchun vaqt kerakligini, ammo dastlabki qadamlar “darhol” boshlanishini qayd etdi.
Alyans xabariga ko‘ra, operatsiya uchun ajratilgan jihozlar qatorida Daniyadan ikkita F-16 harbiy samolyoti va bitta mudofaa fregati, Fransiyadan uchta Rafele, Germaniyadan to‘rtta Eurofighter jalb qilingan.
Bu tashabbus NATO bu yil boshida Boltiq dengizi kabellariga qilingan diversiyaga javoban ishga tushirgan “Boltiq qo‘riqchisi” operatsiyasi asosida ishlab chiqilgan. Grinkevichning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya NATO davlatlarining butun sharqiy qanotini – “uzoq shimoldan to Qora dengiz va O‘rtayer dengizgacha” qamrab oladi. Ayni paytda NATO o‘zining sharqiy qanotidagi a’zolari, jumladan, Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarini xotirjamlikka chaqirmoqda.
Xalqaro munosabat esa turlicha. Masalan, 40 ta davlat Rossiyaning dronlar hujumini qoralagan bo‘lsa, Tramp bu dronlar parvozi xatolik tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin, deya bayonot bergandi. Ammo ko‘p o‘tmay Polsha uning ushbu so‘zlariga javob qaytardi. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Rossiya dronlarining mamlakatga kirishini “hujum” deb atadi va bu xato emasligini aytdi. Polsha Prezidentining xalqaro siyosat bo‘yicha idorasi rahbari Marsin Pshidichning mahalliy ommaviy axborot vositalariga aytishicha, mamlakatda 10 sentyabr kuni Rossiya tomonidan Polshaga kamida 21 ta dron yo‘llangani haqida ma’lumot bor, ammo hammasi topilmagan. Uning ta’kidlashicha, ba’zi dronlar havo hududini kesib o‘tib, qayta kirgan bo‘lishi mumkin.
NATO Bosh kotibi Mark Ryuttening ta’kidlashicha, NATO 10 sentyabr kuni sodir bo‘lgan voqeani baholashda davom etmoqda. U Rossiyaning harakatlarini: "Atayin qilingani yoki yo‘q, baribir Rossiya NATO havo hududini buzdi", deya da’vo qilmoqda. Shu bois, NATO o‘z hududlarini himoya qilishga tayyor ekanini ko‘rsatish maqsadida “Sharqiy qo‘riqchi” operatsiyasini o‘tkazmoqda. Biroq alyansda hozircha halokatli 5-modda ishga tushmagan bo‘lsada, bu moddaga yetaklovchi 4-modda amalda. Ya’ni, tashqi tahdid ehtimoli mavjud bo‘lgan sharoitda NATOga a’zo davlatlar maslahatlashuv o‘tkazmoqda. Ko‘ramiz, voqealar rivoji qay tarzda rivojlanar ekan. Bu ancha qizg‘in jarayon. Chunki u xoh havodan, xoh suvdan, yoki quruqlikdan bo‘lsin, Rossiya har doim ham NATO chegaralarini buzavermaydi. Negaki, bu to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga olib keladi.