Rossiya migrantlarga oilasini mamlakatga olib borishni taqiqlamoqchi
Olam
−
10 Sentabr 4426 2 daqiqa
Mehnat migrantlariga oila a’zolarini Rossiyaga olib borish taqiqlanishi mumkin. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini Davlat dumasiga kecha, 9 sentyabr kuni Sergey Mironov boshchiligidagi “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” fraksiyasi deputatlari kiritgan edi.
Tashabbus mualliflari Belarus fuqarolari va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar uchun istisno qilishni taklif qilmoqda. Hujjat dumaning qonunchilik bazasida e’lon qilindi.
Deputatlarning fikricha, mamlakatda mehnat migrantlari oilalarining mavjudligi davlatning ijtimoiy infratuzilmasi, jumladan, ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash tizimiga katta yuk bo‘lishiga olib keladi.
“Shu bilan birga, migrant patentlari bo‘yicha byudjet daromadlari ishlamaydigan oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash xarajatlarini qoplamaydi, bu esa migratsiya siyosatining ushbu modelini iqtisodiy jihatdan samarasiz qiladi”, deyiladi hujjatning tushuntirish xatida.
Loyiha mualliflariga ko‘ra, agar taqiq qabul qilinsa, u holda past malakali migrantlarning oila a’zolarini istisno qilish orqali mamlakatga migratsiya oqimini 15–20 foizga kamaytirish mumkin bo‘ladi.
Deputatlar bunday chora migratsiya siyosati samaradorligini yaxshilashiga va shu bilan birga federal byudjet daromadlarini oshirishiga ishonmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Davlat dumasiga voyaga yetmagan migrantlarning mamlakatga kirishini cheklash bo‘yicha qonun loyihasi kiritilgandi. Hujjatda migrant bolalarni ota-onasisiz yoki ularning boshqa qonuniy vakillarisiz, shuningdek, oilasi tomonidan berilgan notarial ishonchnoma bilan birga kelgan kattalarsiz Rossiyaga kiritmaslik taklif etilmoqda. Mualliflarning ta’kidlashicha, ba’zi o‘smirlar mamlakatga o‘qish yoki davolanish bahonasida kirib, ish izlashga tushadi. Biroq hukumat bu tashabbusni “bolalarning qarovsizligi muammosini” hal qilmaydi, deb hisoblamoqda.
Live
Barchasi