Rossiyada migrantlar uchun patent tizimi bekor qilinishi mumkin (video)

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mehnat muhojirlari uchun amal qilayotgan patent tizimini bekor qilish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Bu haqda u kecha, 18 sentyabr kuni Davlat dumasi fraksiyalari rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida gapirdi.

Putin patent tizimi keng qo‘llanayotganini aytib, uni bekor qilish ehtimolini rad etmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya mavzusi rossiyaliklar uchun juda dolzarb va hukumat bu masalani e’tiborsiz qoldirmasligi kerak.

Rossiyada vizasiz keladigan muhojirlar uchun patent tizimi amal qiladi. Patent – ruxsatnoma bo‘lib, uni muhojir mamlakatga kirganidan keyin 30 kun ichida olishga majbur. Uni olish uchun xorijliklar yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, rus tili, tarix va qonunchilikdan imtihon topshirishi, hujjatlar paketini IIVga topshirishi va davlat boji to‘lashi shart.

Patent amal qilishi uchun muhojirlar har oy belgilangan miqdorda NDFL (daromad solig‘i) bo‘yicha avans to‘lovi to‘lashlari kerak. To‘lov hajmi mintaqaga qarab o‘zgaradi. Masalan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Moskvada bu to‘lov 8900 rublni (1 mln 320 ming so‘m) tashkil etadi. Patent bir oydan bir yilgacha muddatga beriladi va faqat ko‘rsatilgan hudud va faoliyat turida amal qiladi.

Rossiyada so‘nggi oylar ichida ham muhojirlar uchun qator yangiliklar joriy etilgan. Iyul oyida rus tili imtihonlarida topshiriqlar murakkablashdi: eshitib tushunish va og‘zaki nutq bo‘yicha savollar soni ko‘paytirildi. 

Shuningdek, may oyida hukumat Davlat dumasi ko‘rib chiqishi uchun qonun loyihasini kiritdi. Unda kvota asosida mehnat ruxsatnomasi olgan muhojirlarni rus tili, tarix va qonunchilikdan imtihon topshirishdan ozod etish taklif qilingan edi. Iyul oyida bu qonun Senat (Federatsiya Kengashi) tomonidan ma’qullandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi raisi Sergey Mironov 2030 yilgacha Rossiyaga Markaziy Osiyodan borgan migrantlarga fuqarolik va yashash uchun ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etishga chaqirgandi. Uning fikricha, migrantlar oqimining ortishi Rossiya milliy xavfsizligiga tahdid solmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin Davlat dumasi Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing