Rossiya migrantlarga uyiga pul yuborishda ham taqiq qo‘ymoqchi
Olam
−
10 Sentabr 19154 1 daqiqa
Rossiyaga ishlash uchun borgan mehnat migrantlarining oylik maoshidan ortiq miqdordagi pulni vataniga o‘tkazishni taqiqlovchi qonun loyihasi Davlat dumasiga ko‘rib chiqish uchun kiritildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Tashabbus mualliflari “Yangi odamlar” fraksiyasi deputatlaridir. Hujjatning tushuntirish xatida aytilishicha, amaldagi me’yoriy hujjatlarda xorijga o‘tkazilayotgan pul o‘tkazmalari miqdori migrantlarning rasman tasdiqlangan daromadlariga mos kelishini nazorat qilishning samarali mexanizmlari nazarda tutilmagan.
“Mehnat muhojirlarining salmoqli qismi iqtisodiyotning norasmiy sektorida band. Ularning ko‘pchiligi soliq to‘lamaydi. Davlat byudjeti katta miqdorda soliq tushumlaridan mahrum bo‘lmoqda”, deya ta’kidlagan deputatlar.
Parlament a’zolarining fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi manbasi tasdiqlanmagan mablag‘larni xorijga o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaydi, shuningdek, “asosli shubhalarni keltirib chiqaradigan operatsiyalarni blokirovka qilish” imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya migrantlarga oilasini mamlakatga olib borishni taqiqlamoqchiligi xabar qilingandi. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasini Davlat dumasiga kecha, 9 sentyabr kuni Sergey Mironov boshchiligidagi “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” fraksiyasi deputatlari kiritgan edi. Tashabbus mualliflari Belarus fuqarolari va yuqori malakali xorijiy mutaxassislar uchun istisno qilishni taklif qilmoqda. Hujjat dumaning qonunchilik bazasida e’lon qilindi.
Live
Barchasi