Rossiya ortidan Belarus ham Venesuelaga hujumni qoralab chiqdi

Olam

image

Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko AQSHning Venesuelaga zarbalarini qoraladi. Bu haqda uning matbuot kotibi Natalya Eysmont respublikaning birinchi rasmiy axborot agentligi BelTAga ma’lum qildi. 

“Belarus Prezidenti Amerikaning Venesuelaga qarshi tajovuzkor harakatini qat’iyan qoralaydi. Aleksandr Lukashenko yaqinda, xususan, amerikalik jurnalistlarga bergan intervyusida buning oqibatlari haqida gapirgandi. Xususan, u “bu ikkinchi Vetnam bo‘ladi” dedi. Va amerikaliklarga bu kerak emas”, deydi u.

Lukashenkoning bayonoti ortidan Belarus Tashqi ishlar vazirligi ham Venesuelaga qarshi tajovuzni qat’iy qoradi. Aytilishicha, Minsk Lotin Amerikasi mamlakatining qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlaydi.  

“Belarus Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi 2026 yil 3 yanvarda suveren Venesuela davlatiga qarshi sodir etilgan qurolli tajovuzni qat’iy qoralaydi hamda uni xalqaro tinchlik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid deb biladi. Belarus tomoni Venesuelaning qonuniy hukumatini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildiradi va tinchlikni saqlash uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazish chaqirig‘iga qo‘shiladi”, deb ta’kidladi vazirlik. 

Shuningdek, vazirlik Venesuela xalqining o‘z taqdirini mustaqil ravishda belgilash huquqi daxlsiz ekanligini va hech qanday tashqi aralashuv, ayniqsa, kuch ishlatish oqlanishi mumkin emasligini urg‘ulagan. 

Vazirlik shuningdek, Karakasdagi Belarus diplomatik vakolatxonasi odatdagidek ishlayotganini va uning xodimlari xavfsiz ekanligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, Belarus fuqarolarining ahvolini kuzatish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda, ular bilan bog‘liq jiddiy hodisalar qayd etilmagan. 

AQSHning Venesuelaga hujumi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘lgani, шаҳар­нинг bir qismi elektr energiyasiz qolgani haqida xabar berilgan edi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya aeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitilgan.

Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini chaqirishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.

Bundan oldin AQSH zarbalaridan keyin Nikolas Maduroning qayerdaligi noma’lumligi, biroq uning eng yaqin atrofidagilarning ayrimlari xavfsiz joyda ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. 

Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Rossiya AQSHning Venesuealaga qilgan hujumini qoraladi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Lukashenko Venesuelaga hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing