Rossiya Starlink’ning analogini qachon ishga tushirishi aytildi
Olam
−
18 yanvar 5046 3 daqiqa
“Roskosmos” rahbari Dmitriy Bakanov Rossiya 2027 yilga borib Starlink tizimi tamoyili asosida orbitada keng polosali internetni ta’minlashga mo‘ljallangan 300 dan ortiq past orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlardan iborat guruhni joylashtirishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizimga ulanish uchun yerusti terminallarini seriyali ishlab chiqarish 2026 yildayoq boshlanadi. Bu haqda u “Birinchi” telekanali efirida so‘z ochdi.
“Yer usti aloqa tarmoqlari qamrab olmagan barcha hududlarni aloqa bilan ta’minlash juda muhim”, deydi u.
Shuningdek, “Roskosmos” rahbari boshqa kosmik ishlanmalar haqida ham so‘zlab bergan. Jumladan, u Yerning kosmosdan tasvirini oluvchi “Zorkiy” sun’iy yo‘ldoshi haqida gapirgan. Olingan ma’lumotlar keyinchalik raqamli xaritalar yaratishda, xususan, uchuvchisiz apparatlar bilan ishlashda qo‘llaniladi.
Dmitriy Bakanov bunday bayonotlarni ilgari ham bergan. Xususan, 2025 yil sentyabrida u Rossiya “ikki yaqin yil ichida” Starlink’ning analogini ishga tushirishini aytgan. O‘shanda u loyiha birinchi bosqichi doirasida 300 ta apparatdan iborat past orbitadagi guruh 2025 yil oxiriga qadar joylashtirilishini ta’kidlagan, biroq bu amalga oshmagan.
“Bizda joriy yil dekabridan boshlab 300 ta apparat miqdorida birinchi bosqich, 900 ta apparat miqdorida esa ikkinchi bosqich joylashtiriladi”, degan Bakanov o‘sha paytda.
Rossiyada Starlink’ning analogini yaratish loyihasi Kreml tomonidan 2018 yilda e’lon qilingan. U “Sfera” deb nomlangan bo‘lib, mamlakatni internet va telefon aloqasi bilan ta’minlashi kerak bo‘lgan 600 ta sun’iy yo‘ldoshdan iborat guruhni shakllantirishni nazarda tutgan. Biroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan va sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng loyiha amalga oshirilmay qolgan.
Ma’lumot uchun, Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasining Starlink tizimi hozirda orbitada 7 mingdan ortiq sun’iy yo‘ldoshga ega bo‘lib, Ukraina tomonidan Qurolli kuchlar va fuqarolik infratuzilmasi aloqasini ta’minlashda faol qo‘llanilmoqda. 2025 yil dekabr oxirida “Associated Press” NATO davlatlarining razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini yo‘q qilishga mo‘ljallangan “hududiy ta’sirga ega” qurol ustida ishlayotganini, bu esa boshqa orbital guruhlar uchun ham tahdid tug‘dirishi mumkinligini xabar qilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya jahon kosmik bozoridagi mavqeini yo‘qotishda davom etmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Denis Manturovning ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda “Roskosmos” atigi 17 ta uchirishni amalga oshirgan, holbuki AQSH — 181 ta, Xitoy esa 91 ta uchirishni bajargan. Shu tariqa, Rossiya uchirishlar soni ketma-ket ikkinchi yil 1961 yildan buyon, ya’ni Yuriy Gagarin ilk bor kosmosga parvoz qilgan davrdan beri eng past darajada qolmoqda.
Live
Barchasi