Rossiya “Tolibon”ni tan oldi. Ko‘zlangan maqsadlar qanday?
Tahlil
−
11 iyul 5548 5 daqiqa
Yaqinda Rossiya Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatini rasman tan olgan ilk davlatga aylandi. 3 iyul kuni Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqi Rossiya elchisi Dmitriy Jirnov bilan tushgan suratini X tarmog‘ida ulashdi va Rossiyaning bu harakatlarini “jasur qaror” deb atadi. Shuning bilan Rossiyaning anchadan beri taxmin qilinayotgan yurishi o‘z isbotini topdi. Bu mamlakat nafaqat yangi elchixona ochdi, balki yangi geosiyosiy imkoniyatlarga ham yo‘l ochdi.
Bir oydan so‘ng “Tolibon” hokimiyatga qaytganiga to‘rt yil to‘ladi, shundan beri birinchi marta dunyodagi yirik davlatlardan biri norasmiy aloqalardan chiqib, Qobuldagi amaldagi hukmdorlarni qonuniy hamkor sifatida tan oldi.
Xavfdan hamkorga

1 iyul kuni “Tolibon” elchisi Gul Hasan Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenkoga ishonch yorliqlarining nusxasini topshirdi. Oradan ikki kun o‘tib, Moskva bu qarorni rasman e’lon qildi:
“Afg‘oniston Islom Amirligi endi diplomatik, siyosiy va ramziy jihatdan tan olingan”.
Bu aprel oyidagi muhim ichki qarorning kutilgan davomi edi. O‘shanda Rossiya 2003 yildan buyon terrorchi deb tan olingan “Tolibon”ni milliy terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargandi. Tashqi ishlar vazirligi buni xavfsizlik, iqtisodiy muloqot va mintaqaviy barqarorlik yo‘lida pragmatik qadam sifatida izohladi.
“Ular haqiqiy kuchdir. Afg‘oniston bizga befarq emas. Bu esa, ayniqsa, Markaziy Osiyodagi ittifoqchilarimizga befarq emas. Demak, bu jarayon voqelikni anglashni aks ettiradi”, degan edi vazir Sergey Lavrov.

“Tolibon” Rossiyaning bu qadamini xalqaro e’tirofga yo‘l ochuvchi omil sifatida iliq kutib oldi. Chunki og‘ir tanqidlarga qaramay, G‘arb davlatlari ham norasmiy aloqalarni yopmadi, ammo hozirgacha hech kim bu qadamni tashlashga jur’at etmagan edi.
Bu Rossiyaning Afg‘onistondagi birinchi diplomatik vakolatxonasi emas. 2021 yilda G‘arb diplomatlari evakuatsiya qilinganida ham Rossiya elchixonasi ishini davom ettirdi. Undan ancha oldin esa Sovet askarlari hozirgi “Tolibon”ning asosi bo‘lgan mujohidlarga qarshi o‘n yillik urushdan so‘ng 1989 yilda Afg‘onistondan chiqib ketgan edi. Umuman olganda, Moskvaning bu safargi qarorini yangi yo‘l emas, boshqacha yurish deyish mumkin.
Rossiya uchun “Tolibon”ni tan olish faqat diplomatiya emas, bu avvalo, xavfsizlik masalasidir. Endi rasmiy aloqa yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng, Moskva “Tolibon”dan eng dolzarb masalalarda haqiqiy hamkorlikni talab qilish imkoniyatiga ega. Masalan, ekstremistik guruhlarni jilovlash va Markaziy Osiyodagi “qo‘l” bo‘lish.

Ekstremistik guruhlardan xavotir shunchaki nazariy emas. 2024 yil mart oyida Moskvadagi “Crocus City Hall” zalida sodir etilgan halokatli terakt Rossiyani larzaga soldi. Dastlab buning ortida Ukraina turgani iddao qilingan bo‘lsa-da, keyinchalik holat ko‘proq Rossiyani dushman deb e’tirof etuvchi ISHIDning “Xuroson viloyati” tarmog‘iga aloqadorligiga urg‘u berildi.
Bu voqea Kremlning hisob-kitoblarini o‘zgartirdi. Qanchalik og‘riqli bo‘lmasin, “Tolibon” bilan hamkorlik strategik zaruratga aylandi. Hattoki, 2024 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Tolibon”ni terrorizmga qarshi kurashdagi “ittifoqchi” deb atadi, bu Moskvaning ularga muammo emas, balki yechim o‘laroq qarayotganining ochiq signali edi.
Diplomatiyadan savdoga
Tan olish – bu kirish huquqi demak. Afg‘oniston esa taklif etadigan resurslarga boy. Litiy, nodir qazilmalar va hali qazilmagan yerosti boyliklari jihatidan mamlakat global iqtisodiy manfaatlar markaziga aylangan. Endi esa rasmiy aloqalar mavjud bo‘lgani tufayli Rossiya kompaniyalari bu bozorda huquqiy himoya va diplomatik yondashuv bilan ishtirok etishi mumkin.

Gap faqat foydali qazilmalar bilan bog‘liq emas, bu oldi-berdi masalasi ham. Rossiya mahsulotlari allaqachon afg‘on bozorlariga kirib bormoqda, quritilgan mevalar va dorivor o‘simliklar kabi afg‘on qishloq xo‘jalik mahsulotlari Rossiyaning turli hududlaridagi do‘konlarda sotuvga chiqmoqda. “Financial Times” nashrining yozishicha, boshqalar hamon ikkilanayotgan bir vaqtda Moskva jimgina yangi savdo yo‘lagini barpo qilmoqda.
Ustiga-ustak, Afg‘oniston Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida joylashgan, kelajakda Pokiston, Hindiston va Hind okeaniga chiqish imkoniyatini beruvchi yer ko‘prigidir. Rossiya uchun bu faqat strategik emas, balki logistika masalasidir. Sanksiyalar va o‘zgarayotgan savdo yo‘llari davrida har bir yangi koridor muhim.
Mintaqada mustahkamlanayotgan manfaatlar
AQSH va G‘arb davlatlari uchun “Tolibon” hali ham rasmiy rad etiladi. Norasmiy holatda orqa eshiklar ochiq. Shunday pallada Rossiyaning tan olishi AQSH yoki Yevroittifoq tomonidan yangi sanksiyalarni keltirib chiqarishi mumkinmi? Sharqshunos siyosiy tahlilchi Farhod Ibrohimovning yozishicha, shunday ehtimol mavjud. Ammo Rossiya allaqachon qattiq sanksiyalar ostida bo‘lgani uchun bu alohida xavotirga sabab bo‘la olmaydi.
“Buning o‘rniga, tan olish Moskvaga ham Qobulda, ham mintaqada “birinchi qadam tashlagan” maqomini beradi. Bu faqat gaz va qurollar bilan emas, balki o‘tmish xotiri bilan qilinmoqda: Markaziy Osiyoda Rossiya hamon sobiq xavfsizlik kafolatchisi va barqarorlashtiruvchi sifatida obro‘ga ega. Bu ishonch endi muzokara stoliga qaytmoqda”, deydi tahlilchi.

Rossiya 1997 yilda Tojikistonda fuqarolik urushini tugatishda vositachilik qilib, raqib tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishgan edi. Siyosatchining fikricha, Rossiya mintaqa davlatlari orasida vositachi roliga kirishadi. Masalan, “Tolibon” va Tojikiston hukumati o‘rtasidagi tarang munosabatlarda Rossiya har ikki tomon ishongan va mintaqaviy xavfsizlik tizimlarida chuqur ildiz otgan davlat sifatida vositachilik qilish imkoniyatiga ega. Xuddi shuningdek, Afg‘oniston va Turkmaniston o‘rtasidagi nizolar va ishonchsizlik sharoitida ham Rossiyaning roli dolzarb.
“Eng katta maqsad esa – energiya. Qobuldagi dastlabki iqtisodiy ishtirok va yillar davomida ishlab chiqilgan Yevrosiyo energiya yo‘lagi g‘oyasi orqali Moskva Afg‘onistonga faqat xavf sifatida emas, balki qurilishi lozim bo‘lgan ko‘prik sifatida qaramoqda”, deb yozadi Farhod Ibrohimov.
Live
Barchasi