Rossiya-Ukraina urushiga yollanganlar ichida eng ko‘p o‘zbekistonliklar halok bo‘lmoqda

Jamiyat

image

Rossiya-Ukraina urushida Rossiya armiyasiga jalb qilinyotgan xorijliklar orasida eng ko‘p o‘zbekistonliklar halok bo‘lmoqda. Bu haqda “Truth Hounds” hamda bir qator inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tayyorlangan hisobotda so‘z boradi.

Tadqiqotga ko‘ra, Rossiya 2022 yildan buyon kamida 130 dan ortiq davlatdan o‘n minglab xorijliklarni armiya safiga jalb qilgan. Ular orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari, jumladan o‘zbekistonliklar ham katta ulushni tashkil etadi.

Eng tashvishli jihatlardan biri bu qurbonlar statistikasidir. Ochiq manbalar va tahlillarga tayanib, kamida 481 nafar o‘zbekistonlik Rossiya armiyasi safida halok bo‘lgani qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich xorijliklar orasida eng yuqorisi hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarda Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari qayd etilgan.

Hisobotda Rossiya tomonidan qo‘llanilayotgan rekruting mexanizmlariga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra, rekruterlar asosan ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoyasiz qatlam – migrantlarni nishonga olgan. 2022 yildan buyon Rossiya hududida migrantlar yashaydigan joylar, ish joylari va hatto masjidlarda reydlar soni keskin oshgan. Ko‘p hollarda harbiy kontrakt imzolash deportatsiya yoki jinoiy ta’qibdan “qutulish yo‘li” sifatida taqdim etilgan. Shu bilan birga, tadqiqotda hujjatlarni tortib olish, soxta jinoiy ayblovlar qo‘yish, kaltaklash va turli bosim o‘tkazish holatlari qayd etilgan. Ayrim holatlarda bu harakatlar inson huquqlarining jiddiy buzilishi, hatto qiynoq bilan ham amalga oshirilgan.

Ko‘plab xorijliklar Rossiyaga fuqarolik ishi, armiyada jangovar bo‘lmagan lavozim yoki Yevropa mamlakatlariga chiqish imkoniyati kabi va’dalar bilan jalb qilingan. Biroq amalda ular rus tilini bilmasdan turib shartnomalar imzolashga majburlangan va qisqa tayyorgarlikdan so‘ng eng xavfli front hududlariga yuborilgan. Hisobotda ta’kidlanishicha, ko‘plab xorijlik jangchilar yo‘qotishlar juda yuqori bo‘lgan “shturm”larda ishtirok ettirilgan.

Tadqiqot mualliflari bu jarayonlarni oddiy harbiy rekruting deb baholamagan. Ularga ko‘ra, ayrim holatlarda mazkur amaliyot aldash, majburlash va ekspluatatsiya orqali amalga oshirilgani sababli odam savdosi belgilariga mos keladi. Shu nuqtai nazardan, Rossiyaning ushbu siyosati xalqaro huquq doirasida jiddiy savollarni keltirib chiqaradi.

Umuman olganda, hisobot natijalari Rossiya armiyasida xorijliklarni jalb qilish tizimi tasodifiy emas, balki tizimli va keng qamrovli ekanini ko‘rsatgan. Ayniqsa, Markaziy Osiyodan chiqqan migrantlar, jumladan o‘zbekistonliklar bu jarayonda eng zaif va eng ko‘p jabr ko‘rayotgan qatlamlardan biriga aylangani ta’kidlangan. Mutaxassislar fikricha, bunday holatlar nafaqat inson huquqlari, balki mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan ham jiddiy e’tibor talab qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyoning qariyb 13 ming fuqarosi Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etyotgani yoki ishtirok etgani haqida ma’lum qilingan edi. 

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Ukraina o'zbekistonliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing