Keskinlik: Rossiya Armanistonga gaz masalasida tahdid qildi
Olam
−
27 may 3202 3 daqiqa
Agar Yerevan Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashish pozitsiyasini davom ettirsa, Rossiya Armanistonga gaz, neft mahsulotlari va ishlov berilmagan olmos yetkazib berish to‘g‘risidagi kelishuvni to‘xtatib qo‘yishi yoki bir tomonlama tartibda bekor (denonsatsiya) qilishi mumkin. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Energetika vaziri Sergey Sivilevning Armaniston Hududiy boshqaruv va infratuzilma vazirligiga yo‘llagan xatida so‘z boradi.
Gap 2013 yildagi kelishuv haqida ketmoqda. Unga ko‘ra, Rossiya ushbu tovarlarni Armanistonga yetkazib berishda eksport bojlarini bekor qilgan. Kelishuv bekor qilingan taqdirda, yetkazib berish bozor shartlariga o‘tishi, avval taqdim etilgan imtiyozlar esa qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bundan tashqari, hujjatda kompensatsiya undirish yoki yuzaga kelgan qarzdorlikni Armanistonning davlat qarzi sifatida tan olish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Armaniston Rossiya energetika resurslariga sezilarli darajada qaram: turli baholashlarga ko‘ra, Armanistonga gazning qariyb 80–85 foizi va neft mahsulotlarining 60 foizdan ortig‘i Rossiyadan kirib keladi.
Rossiya gazi Yevropa spot (joriy) narxlaridan ancha past bahoda yetkazib beriladi, bu esa amalda OLII (YeAES) doirasidagi integratsiyaning iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash shakli sifatida qaraladi.
Kreml avvalroq Yevropa Ittifoqi kabi boshqa integratsiyaviy birlashmalarda bir vaqtning o‘zida ishtirok etilgan taqdirda imtiyozli shartlar taqdim etilishi mumkin emasligini bildirgan. Shu fonda Moskva iqtisodiy hamkorlikni Yerevanning tashqi siyosiy pozitsiyasi bilan bog‘lamoqda.
So‘nggi yillarda Armaniston importni qisman diversifikatsiya qilmoqda: benzin va dizel yonilg‘isi, jumladan, YeI davlatlaridan, shuningdek, Ozarbayjon va Eron qo‘shnilaridan sotib olinyapti. Biroq tahlilchilarning ta’kidlashicha, Rossiyadan keladigan hajmni, ayniqsa gaz bo‘yicha, tez fursatda almashtirish qiyin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerevan va Vashington har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi ustavni imzolagan edi. Marosim AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Armanistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan. Buning ortidan
Rossiya rasmiylari Armaniston rahbariyatini keskin tanqid qilib chiqdi. Bunga mamlakatda bo‘lib o‘tgan va Yevropa bilan munosabatlarni mustahkamlovchi bir qator hujjatlar imzolangan YeI sammiti sabab bo‘ldi.
Mamlakat Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan muloqotlari uchun “rusofobiya”da ayblandi, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova esa YeI Yerevanni “antirossiya orbitasi”ga tortayotganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida, Pashinyan saylovoldi kampaniyasi doirasida chiqish qilib, mamlakat mustaqillikka erishganidan beri amal qilib kelgan “Yo o‘lim, yo hurlik” shiorini “Ozod davlat” deb o‘zgartirish kerakligini ta’kidladi.
“Biz o‘lim va ozodlik o‘rtasida tanlov qilmasligimiz kerak. Biz yashashimiz va ozod bo‘lishimiz kerak”, deydi u.
Bunga javoban Rossiya Armanistondan gullar, mineral suvlar va konyak olib kirishga vaqtinchalik taqiq joriy etdi.
Live
Barchasi