Rossiya Venesueladagi vaziyatdan tashvishda
Olam
−
03 yanvar 3575 2 daqiqa
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi AQSH tomonidan qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilgani haqidagi xabarlar rasmiy Moskvani qattiq tashvishga soldi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Venesueladagi holat bo‘yicha e’lon qilingan navbatdagi bayonotda so‘z borgan.
“Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi AQSHning bugungi agressiv harakatlari chog‘ida mamlakatdan majburan olib chiqib ketilgani haqidagi xabarlar bizni qattiq tashvishga solmoqda”, deyiladi bayonot avvalida.
TIV holatga zudlik bilan oydinlik kiritishga chaqirgan.
“Bunday xatti-harakatlar, agar ular haqiqatda sodir bo‘lgan bo‘lsa, mustaqil davlat suverenitetiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan tajovuz hisoblanadi, uni hurmat qilish xalqaro huquqning asosiy tamoyili hisoblanadi”, deyiladi TIV bayonotida.
AQSHning Venesuelaga hujumi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘lgani, шаҳарнинг bir qismi elektr energiyasiz qolgani haqida xabar berilgan edi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya aeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitilgan.
Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini chaqirishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.
Bundan oldin AQSH zarbalaridan keyin Nikolas Maduroning qayerdaligi noma’lumligi, biroq uning eng yaqin atrofidagilarning ayrimlari xavfsiz joyda ekani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Rossiya AQSHning Venesuealaga qilgan hujumini qoraladi.
Live
Barchasi