Rossiyada ham maktab 12 yillik bo‘lishi mumkin
Olam
−
21 Oktabr 2074 2 daqiqa
Rossiyada maktab ta’limi davomiyligini 12 yilga uzaytirish hamda bolalarni 6 yoshdan o‘qishga qabul qilish zarurati yuzaga kelmoqda. Bu haqda Jamoatchilik palatasi kotibining o‘rinbosari Vladislav Grib TASS nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Uning ta’kidlashicha, deyarli barcha rivojlangan davlatlarda 12 yillik ta’lim tizimi qo‘llanadi va Rossiyada ham bu bosqichga o‘tish zamon talabi hisoblanadi. Gribning fikricha, maktab dasturlari yildan-yilga murakkablashib, axborot hajmi oshib bormoqda, bu esa mavjud 11 yillik tizim doirasida bilimlarni to‘liq o‘zlashtirishni qiyinlashtirmoqda. Ayrim davlatlarda sun’iy intellekt asoslari hatto boshlang‘ich sinflardanoq o‘qitilishi qayd etilgan.
Shuningdek, u ayrim mamlakatlarda 12 yillik ta’lim tizimi bundan 20-30 yil avval joriy etilganini eslatib o‘tgan. Taklif kelgusi ikki yil ichida ko‘rib chiqilishi lozimligi ta’kidlangan. Bu taklif Jamoatchilik palatasi, Rossiya ta’lim akademiyasi va Ta’lim vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashida keng muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Rossiya Ta’lim vazirligi mazkur taklifga munosabat bildirar ekan, amaldagi 11 yillik tizim o‘quvchilarga ta’lim dasturini samarali egallash imkonini berishini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, har qanday yangi tashabbus chuqur muhokama qilinishi va mutaxassislar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilishi zarurligi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 1958 yildan 1980 yilgacha Rossiyada maktab ta’limi 10 yil davom etgan. 1970 yildan boshlab boshlang‘ich ta’lim muddati uch yil qilib belgilangan, to‘rtinchi sinf o‘rta ta’lim tarkibiga kiritilgan. 1980 yildan e’tiboran 11-sinf joriy etilgan bo‘lib, 2001 yildan boshlab maktabga qabul qilinayotgan barcha o‘quvchilar 11 yillik dastur asosida tahsil olib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining sobiq o‘rinbosari Sardor Rajabov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonda maktab ta’limini 12 yillik tizimga o‘tkazilishi kutilayotgani haqida gapirgandi. Uning aytishicha, maktabga tayyorlov tizimini umumiy maktab ta’limiga qo‘shish orqali O‘zbekistonda 12 yillik ta’lim tizimi joriy etiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad ta’lim sifati va milliy ta’limni xalqaro ta’lim bilan integratsiya qilishdir.
Live
Barchasi